30 may – Xalqaro tamakisiz kun!
Ma’lumki, 30 may – Xalqaro tamakisiz kun. Poytaxt bojxonachilari mazkur sana arafasida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga doir yana bir holatni fosh qildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar davomida muqaddam respublikamizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmasi oldi olindi.
Toshkent viloyatining Keles tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasiga yuklangan tamaki mahsulotlari boshqa bir shahs boshqaruvidagi “Kobalt” avtotransport vositasiga ortilayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan to‘xtatib qolindi.
Bu vaqtga kelib, qoidabuzar shaxslar yengil avtomashinaga qiymati 462,5 million so‘mlik 9 ming 250 quti sigaretlarni yuklab bo‘lishgan edi. Tezkor tadbir davomida yuk avtotransport vositasi ham sinchiklab ko‘zdan kechirildi. Uning yukxonasida tashqi tomondan hosil qilingan yashirin bo‘lmalarga qiymati 41 million so‘mlik 820 quti tamaki mahsulotlari yashirilgani aniqlandi.
Har ikkala transport vositasidan topilgan tamaki mahsulotlarining barchasi O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari hamda raqamli markirovka kodlari bilan qadoqlanmaganini alohida ta’kidlash joiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, 2024 yilning o‘tgan davrida respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlangan 213 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 19 milliard so‘mlik 837 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA