French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tamaki mahsulotlari iste’moli nafaqat salomatlikka, balki yurtimiz ekologiyasi uchun xavflidir
11:23 / 2024-02-08

Tamaki mahsulotlari iste’moli – chekish hamon dunyo bo‘yicha asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki yuqumli bo‘lmagan kasalliklar rivojlanishi uchun asosiy xavf omili bo‘lib hisoblanadi. Har yili yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan 41 million kishi vafot yetadi.

Bu, butun dunyo bo‘ylab barcha o‘limlarning 74 foizini tashkil qiladi. Qizig‘i shundaki, barcha yuqumli bo‘lmagan kasalliklar natijasidagi o‘limlarning 77 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatiladi. 

Kamoliddin Davlatov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xalqaro aloqalar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i:

– Har yili dunyoda 8 milliondan ortiq odam tamakidan vafot yetadi, bu o‘limlarning 7 milliondan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri tamaki iste’mol qilish natijasida va 1,2 millionga yaqini chekmaydiganlar tomonidan chekilgan tutundan kelib chiqadi.

Dunyoda tutunsiz tamaki mahsulotlari va ulardan foydalanish usullari juda ko‘p. Dunyo bo‘ylab 346 million tutunsiz tamaki foydalanuvchilari borligi taxmin qilinmoqda. Ularning aksariyati, ya’ni 86 foizi Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida yashaydi. Dunyo bo‘ylab 4-13 yoshdagi yoshlarning taxminan 15 foizi tutunsiz tamaki mahsulotlaridan foydalanadi. Kattalar singari, 13-15 yoshdagi tutunsiz tamaki iste’molchilarining ham aksariyati Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida yashaydi.

Farruh Toshpo‘latov, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi Sanitariya-epidemiologiya nazorati laboranti:

– Birlamchi va eng so‘nggi o‘rganilgan tadqiqotlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon banki tomonidan JSST bilan hamkorlikda 2019 yilda o‘tkazilgan STEPS so‘rovnomasi doirasida o‘tkazildi. Mazkur tadqiqot 2019 yil iyul-sentyabr oylarida uchta yosh guruhidagi erkaklar va ayollar o‘rtasida olib borildi: 18-29 yosh, 30-44 yosh va 45-69 yosh.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 16,5 foizi – 32,9 foiz erkaklar va 0,8 foiz ayollar tutunli va tutunsiz tamaki iste’mol qilgan. Erkaklarning 18,8 foizi va ayollarning 0,5 foizi har kuni sigaret chekishi, shuningdek, erkaklarning 19,8 foizi va ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki – an’anaviy nosvoydan chekishi ma’lum bo‘lgan.

Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, nosvoyning ikkala turi ham nafaqat insonlar uchun, balki yurtimiz ekologiyasi uchun juda xavflidir.

Nosvoyning qadoqlanmagan shaklining yuqori ishqoriy xususiyati mahsulotni ishlatish joyida og‘iz shilliq qavatining sezilarli darajada shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Bu to‘qima nekrozi va doimiy yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, toksikantlar hamda kanserogenlarning so‘rilishiga hissa qo‘shadi. Chekuvchi har foydalanishdan keyin tupukni nosvoy qoldiqlari bilan yutadi, chunki nosvoyni ishlatish uchun uni til ostiga qo‘yish lozim bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, odatdagidan tezroq tupukni hosil qilishga olib keladi va og‘iz bo‘shlig‘ining prekanseroz shikastlanishi, masalan, og‘iz leykoplakiyasiga sabab bo‘ladi.

Pestitsidlardan foydalanishni taqiqlovchi yoki kamaytirishga chaqiruvchi asosiy hujjat 2001 yil 22 mayda qabul qilingan doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar to‘g‘risidagi Stokgolm konvensiyasidir. O‘zbekiston Respublikasi 2019 yil 26 sentyabrda doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar to‘g‘risidagi Stokgolm konvensiyasiga qo‘shildi, ammo unga imzo chekmadi.

Jasur Jo‘rayev, Yaponiyaning Kioto universiteti Jamoat salomatligi maktabi doktoranti:

– Tamaki mahsulotlar aylanmasini tartibga solish juda qiyin, chunki ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologiyasi, xavfsizligi va sifatini tartibga soluvchi maxsus davlat organi mavjud emas.

O‘zbekiston hukumati va Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagi tavsiyalarga alohida e’tibor qaratishlari kerak, deb hisoblayman:

– Yoshlar (maktablar, oilalar, bog‘lar va boshqa jamoat joylari) o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish tizimini kuchaytirish;

– Nosvoyni sigaretaga tenglashtirish va uni me’yoriy hujjatlar bilan tasdiqlash;

– Tamakini to‘xtatish bo‘yicha kol-markazlarni tashkil etish;

– An’anaviy tamaki biznesi (ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash va sotish) bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Aholi salomatligini yaxshilash har bir davlatning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonda ham bu borada qator ishlar qilinmoqda. Shunga qaramay, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari, saraton hamda erta o‘lim va nogironlikka olib keladigan kasalliklar tarqalishining ko‘payishi tufayli kasallikning ortib borayotganini kuzatish mumkin. Xulq-atvor va metabolik omillar barcha xavflarning asosiy xususiyatlari orasida ustunlik qilishda davom etmoqda. Bu esa tamaki nazoratining samarali choralarini doimiy ravishda takomillashtirishdan dalolat beradi.

Pestitsidlarni iste’mol qilish qizilo‘ngach, oshqozon va oshqozon osti bezi saratoni kabi yomon sifatli o‘sma kasalliklarining paydo bo‘lishiga, shuningdek, genetik, ruhiy, yurak-qon tomir kasalliklari va surunkali gipertenziyaga olib kelishi mumkin. Nosvoydan foydalanish og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatining yallig‘lanishini, milklarning atrofiyasini, kariyes va boshqa tish kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tamaki iste’moli natijasida bu kabi jiddiy kasalliklar kelib chiqishini bilsada, nima sababdan chekuvchilar undan voz kechib qo‘ya qolmaydi? Nima sababdan ularning safi yildan yilga kengayib bormoqda? Bu balki, ijtimoiy muhit, ruhiyat va shu singari boshqa omillarga bog‘liqdir. Nazarimda, tadqiqot ishlarida ana shularga ham e’tibor qaratish zarur. 

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA