Tamaki mahsulotining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida haydovchi 172 quti tamaki mahsulotini g‘ayriqonuniy olib o‘tayotgani aniqlandi.
Ko‘rik chog‘ida avtotransport vositasi kabinasining yotoq joylariga aksiz markasisiz xufiyona tarzda yashirilgan yirik miqdordagi sigaret borligi ma’lum bo‘ldi.
Yana bir holatda esa “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududidan chiqayotgan yurtdoshimiz belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda ustidagi kiyimlarining qorin va bel sohasiga 86 quti sigaret mahsulotini yashirib, noqonuniy olib o‘tishga uringani fosh etildi.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri