Qashqadaryo viloyatida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yuksaltirish, milliy qadriyatlar va yangi O‘zbekiston g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida “Ma’rifat karvoni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Bu ilmiy-ma’rifiy tashabbus nafaqat ma’naviy, balki ijtimoiy va madaniy hayotga ham yangi nafas baxshida qildi. Qashqadaryo aholisi, xususan, yoshlar bunday tadbirlar orqali yangi imkoniyatlar, ilhom va fikrlar bilan boyidi.
Qarshi davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans poydevori” mavzusidagi forum keng jamoatchilik va ziyolilar ishtirokida yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda respublika miqyosida taniqli olimlar va mutaxassislar ishtirok etib, mamlakatimizda kechayotgan ilmiy-ma’naviy jarayonlar, milliy o‘zlik va taraqqiyot haqida ma’ruzalar qildi.
Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining megaloyihalari va ularning ma’naviy ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar-trening ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. 300 nafarga yaqin olim, talabalar va tadqiqotchilar “ma’rifat” tushunchasiga yangi nazar bilan qaradi.
Viloyat yoshlar markazida o‘tkazilgan “Olimlar va yoshlar uchrashuvi” hamda “Ijtimoiy g‘oyalar forumi” yosh avlod va tajribali olimlar o‘rtasidagi muloqot maydoniga aylandi. Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, fikr va takliflarini bildirdi.
Bu uchrashuvlar bilim, ilhom va tajriba almashinuvi uchun zamin yaratdi. Yoshlar yangi g‘oyalar bilan ruhlandi, o‘z ustilarida ishlashga da’vat etildi.
Koson hamda Kasbi tumanlarida o‘tkazilgan “Kinokarvon” loyihasi ramziy ma’noda xalq va san’at o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajardi. Kinoaktyorlar Shavkat Komilov va Xurshid To‘xtayev ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar aholi, ayniqsa, yoshlar uchun katta taassurot qoldirdi.
500 nafarga yaqin ishtirokchi san’at orqali tarbiya, umuminsoniy qadriyatlar va vatandoshlik g‘oyalari bilan tanishdi.
Dehqonobod tumanida amalga oshirilgan “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi mahalliy aholi, kam ta’minlangan oilalar, yoshlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Mahallalarda seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ish bilan bandlik, o‘zini-o‘zi band qilish, kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqarish korxonalariga tashriflar ham uyushtirildi. Ma’rifat Ergasheva va Jahongir Turdiyevga tegishli tikuv fabrikasida amaliy seminar yoshlarga yangi ilhom bag‘ishladi.
Dehqonobod tumanida tashkil etilgan “Inson qadri” ijtimoiy loyihasi insonparvarlik, bag‘rikenglik va yordamga muhtojlarga g‘amxo‘rlik kabi qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratildi. Mahallalarda nogironligi bor fuqarolar, kasallik bilan kurashayotganlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Bu tadbirlar nafaqat amaliy yordam berish, balki mehr va e’tiborni his qildirishning yorqin namunasi bo‘ldi.
[gallery-23832]
Xulosa o‘rnida, Qashqadaryoda o‘tkazilgan “Ma’rifat karvoni” tadbirlari xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarda milliy g‘urur, faol fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. Ushbu tashabbuslar orqali jamiyatimizda ma’rifatli avlodni tarbiyalashga yana bir qadam tashlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov, (surat) O‘zA muxbirlari