Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning tasarrufidagi tuman, shahar bo‘limlari tomonidan yer maydonlaridan samarali foydalanish va ularning talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Yurtdoshlarimiz orasida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari, afsuski, hali hamon uchrab turibdi.
– Viloyat hududida yerlardan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni targ‘ib qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. Biroq, viloyatda yerlardan noqonuniy foydalanish, ularni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchrayotgani achinarli. Jumladan, boshqarmaning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 11 oyida 3 528 ta holatda 103,74 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi yer va kadastr nazorati sho‘’basi bosh mutaxassisi Abdukarim Toyirov.
Tahlillarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 103,74 gektar yerning 39,7 gektari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga, 55,1 gektari aholi punkti yerlariga, 7,3 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik ob’ektlarga, qolgan qismi esa tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlar, suv fondi va zaxira yerlarga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Kadastr nazorati inspektorlarining bevosita fuqarolar bilan olib borgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida 41,66 gektardagi 2 421 ta holat fuqarolar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilib, yer maydonlari o‘z holatiga qaytarilgan.
Bundan tashqari o‘tgan davrda 36,11 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 867 ta da’vo arizalari kiritildi. Jumladan, sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining 114 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 752 ta holat bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
Ayrim fuqarolarning qonun talablarini noto‘g‘ri talqin qilishi sababli “qurilishi mavjud bo‘lsa, huquq e’tirof etilar ekan” deb, bo‘sh yerga imorat qurayotganlar ham uchrab turibdi. Bu kabi holatlarga qonun tatbiq qilinmaydi. Bu aynan mazkur qonun orqali ham belgilab o‘tilgan.
Amaldagi qonunlarga ko‘ra, davlat mulki bo‘lgan yerdan oqilona foydalanish va talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligini aslo unutmaslik lozim.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.