Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tallimarjon IES”: Zamonaviy qurilma, samaradorlik va yangi investitsiya loyihasi
18:09 / 2021-06-11

"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati korxonalarining elektr energiyasini ishlab chiqarishda alohida hissasi bor. bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan bu manbaning qariyb 85 foizi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Tallimarjon IES” aksiyadorlik jamiyati ham ulardan biri bo‘lib, bu yerdagi zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 3-4 iyun kunlari “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan ushbu korxonaga press-tur uyushtirildi. Unda ishtirok etgan bir guruh jurnalist va blogerlar jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldi.

“Tallimarjon IES” aksiyadorlik jamiyati uchta energoblokka ega bo‘lib, uning quvvati 1700 megavattni tashkil etadi. 1-sonli 800 MVtli energoblok 2004 yil noyabrda ishga tushirilgan bo‘lsa, 2017 yilning fevral oyida esa 2 va 3-energobloklar to‘liq quvvat bilan elektr energiyasini ishlab chiqara boshlagan.

Tadbir doirasida ishtirokchilar bu yerda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

– Men korxonaning qozon turbinasi sexida smena boshlig‘i bo‘lib ishlayman, – dedi Fazliddin Asqarov. – Biz stansiyadagi uskunalarning xavfsizligini ta’minlashga mas’ulmiz. Boshqaruv itida qurilmalarni to‘liq boshqarish, ularni holatlari bo‘yicha jarayonlarni amalga oshirish hamda quvvatini nazorat qilinadi. Qurilmalar zamonaviy va ularni boshqaradigan aksariyat xodimlar xorijda malakasini oshirib kelgan. O‘zim ham Yaponiyada bo‘lib, bu bo‘yicha tajriba orttirib kelganman.

E’tiborli jihati, 2 va 3-energobloklarning yoqilg‘i sarfi, ya’ni 1 kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 220-221 grammni tashkil etadi. Bu energobloklar tufayli stansiyaning elektr energiyasi ishlab chiqarish yillik quvvati 7,2 milliard kilovatt soatga ortdi. Yiliga iste’molchilarga qariyb 11,4 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berish imkoni paydo bo‘ldi.

bugungi kunda 2020 yil 18 dekabrdagi “Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosida stansiyani kengaytirish bo‘yicha yirik investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha bir qator kompaniyalar bilan hamkorlik qilinmoqda.

– Yangi investitsiya loyihasi bo‘yicha 4 va 5-energobloklar ishga tushirilgach, stansiyaning umumiy ishlab chiqarish quvvati kamida 2600 megavattni tashkil qiladi, – dedi ”Tallimarjon IES” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Olim Yusupov. – Bunda yiliga qo‘shimcha 7,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha texnik asoslariga asosan yiliga 520 million metr kub (umumiy summasi 32,3 million AQSH dollari) tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Loyihaning umumiy qiymati tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asosga ko‘ra, 944,87 million AQSH dollariga tengdir. Hozirgi kunda Osiyo taraqqiyot bankining talablariga muvofiq, xalqaro tender savdolari o‘tkazilmoqda. Unga 31 ta kompaniya qiziqish bildirdi. Ulardan 6 ta kompaniya tenderda qatnashish uchun o‘z taklifini berdi. Takliflar texnik va moliyaviy jihatdan baholanadi. Hozir texnik baholash amalga oshirilmoqda. Rejaga asosan joriy yilning noyabr oyida tender yakuni ma’lum qilinadi.

2013 yilda “Tallimarjon IES” AJ ga qarashli 500 kVtli ochiq taqsimlash qurilmasi qurish investitsion loyihasi ishga tushirilgan. Loyiha yurtimizda energiya tizimining janubi-g‘arbiy va janubiy qismlarini elektr ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilgan.

– Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya transformatorlar orqali liniyalar bo‘yicha mazkur ochiq taqsimlash qurilmasiga uzatilmoqda. Bu yerdan esa elektr energiya hududlarga taqsimlanadi. Ya’ni Tallimarjon – G‘uzor, Tallimarjon – Qorako‘l va Tallimarjon – So‘g‘diyona liniyalari orqali Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi xalq xo‘jaligi ob’ektlari va aholi elektr energiya bilan ta’minlanadi. 500 kVtli ochiq taqsimlash havo liniyasining umumiy uzunligi 217,6 kilometr bo‘lib, uning 87,0 kilometri Samarqand viloyati va 130,6 kilometri esa Qashqadaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi, – dedi “Tallimarjon IES” AJ Kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Alimurod Karimov.

Stansiya faoliyati bilan tanishuv press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

– Hayotimizni elektr energiyasiz tasavvur eta olmaymiz, – dedi “O‘zbekiston 24” telekanalining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Sanobar Boymurodova. – Ushbu manba hamma jabhada zarur. Mamlakatimiz taraqqiyoti , aholi farovonligida ham elektr energiyasining o‘rni beqiyos. Umuman, ushbu stansiya nafaqat viloyatdagi, balki respublikadagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalardan biri hisoblanadi. Biz ushbu yirik sanoat inshootiga sayohat davomida elektr energiyaning hayotimizda naqadar o‘rni muhimligini, uni ishlab chiqarish o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganligi va juda katta mehnat talab qilinayotganligiga guvoh bo‘ldik. Yaqin tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xalqimiz shunaqa kunlarni boshdan kechirdiki, elektr ta’minotida juda katta uzilishlar bo‘ldi. Qashqadaryoning ayrim qishloqlarida bir sutkada ikki soatgina elektr energiyasi berilgan vaqtlar bo‘ldi. Keyingi to‘rt yilda esa elektr ta’minotida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bugun har bir xonadonda chiroqlar yoniq. Viloyatning eng chekka hududlarida ham svet o‘chmaydigan bo‘ldi. Bundan xalqimiz esa minnatdor.

<iframe width="1180" height="664" src="https://www.youtube.com/embed/tFsIzJ9Ee4A" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Nasiba ZIYODULLAEVA, Yoqub MELIBOEV(video), O‘zA