Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limni rivojlantirmasdan yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi
11:25 / 2021-01-02

Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatlarning iqtisodi tezroq rivojlanadi hamda bu jihat davlat boshqaruvi va ijtimoiy soha sifatiga katta ta’sir qiladi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri ham iqtidorli bolalarni tanlab olib, ularga ta’lim olishlari va iqtidorlarini rivojlantirishga sharoit yaratishdan iborat.

Hozirgi kunda agentlik tizimida 4 ta Prezident, 9 ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Ularda 3,4 ming nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil olmoqda.

Yoshlarimizga yuqori sifatli ta’lim olishi uchun 2021 yilda mamlakatimizning 10 ta hududida bosqichma-bosqich Prezident maktablari tashkil etiladi. Shu bilan agentlik o‘z vakolatlari doirasida ochilishi rejalashtirilgan 197 ta kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etadi. Bundan tashqari, agentlik tasarrufida mavjud ta’lim muassasalarining moddiy va texnik bazasi yaxshilanib boriladi.

Lekin chiroyli binolar va laboratoriyalar yaratilgani bilan barcha ishlar hal bo‘lib qolmaydi. Sifatli ta’limning asosi bu o‘qituvchilardir. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar safining kengayishiga katta ahamiyat qaratmoqda.

bugungi kunda Prezident maktablarida xorijlik pedagoglar “STEAM - ta’lim» dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) bo‘yicha yoshlarimizga ta’lim berib kelmoqda. Ular STEAM fanini qiziqarli va samarali o‘qitish bo‘yicha katta tajribaga va metodologiyaga ega. Biz bu tajriba va metodologiyani mahalliy o‘qituvchilarga o‘rgatishimiz va ularning afzal tomonlarini ta’lim tizimimizda joriy etishimiz kerak.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Xalq ta’limi vazirligi bilan uzviy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Mazkur hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri mahalliy o‘quvchilarning xorij tajribasi asosida malakasini oshirishdir. Hamkorlik doirasida Prezident maktablaridagi xorijlik o‘qituvchilar mahalliy hamkasblari bilan uchrashib, STEAM fanlarini o‘qitish bo‘yicha metodologiyasi va tajribasi bilan o‘rtoqlashmoqda.

Endilikda biz bu loyihani yanada kengaytirishimiz va tizimli yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Ma’lum vaqtdan so‘ng biz o‘zimizning mutaxassislarimizga ega bo‘lishimiz uchun pedagoglarning tayyorlov va qayta tayyorlov tizimini yaratish ustida ish olib bormoqdamiz. Tizim bizga yuqori bilimli, darslarni o‘quvchilarga qiziq va samarali yetkazib bera oladigan o‘qituvchilarni tayyorlashga yordam beradi.

Shu bilan birga, xorijlik hamkorlar bilan o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha forum, seminar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Tadbirlar davomida o‘qituvchilarga zamonaviy o‘qitish usullari va o‘zlarining ustida doimo ishlash ko‘nikmalari bo‘yicha tushunchalar beriladi.

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida o‘qituvchilarning faoliyatini munosib rag‘batlantirish masalasini ko‘rsatdi. Albatta, pedagogikaga iqtidorli va bilimli xodimlarni jalb qilish uchun o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi obro‘sini oshirib borish kerak.

Shu o‘rinda rag‘batlantirish tizimi o‘qituvchilarning yutuq va natijalariga asoslangan bo‘lishi zarur. Agentligimiz hozirda mazkur yo‘nalish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganmoqda va o‘rganish natijasiga ko‘ra pedagoglarni rag‘batlantirish tizimini joriy etadi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri. Yaqinda biz xorijda yashayotgan va yirik kompaniyalarda ishlab kelayotgan hamyurtlarimiz bilan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasini boshladik.

Loyiha agentlik tasarrufidagi maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish va chet elning nufuzli universitetlariga kirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish, xalqaro dasturlarga ularni ko‘proq jalb etishga qaratilgan.

Loyiha bir nechta tarkibiy qismlardan iborat: shaxsiy rivojlanish, universitetlarga kirish bo‘yicha maslahatlar, o‘quvchilarga o‘zlari qiziqqan loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, o‘z ustida tinmay ishlaydigan, salohiyatli yoshlarni almashinuv dasturlariga jalb etish va boshqalar shular jumlasidandir.

Loyiha yordamida yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, ularning qiziqishlari va kuchli tomonlarini aniqlashga yordam beradi. O‘quvchilar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun ichki kuch topishni va shaxsiy maqsadlarni belgilashni o‘rganadi.

Taklif qilingan mentorlar o‘quvchilarga milliy va xorijiy universitetlarga kirish uchun tavsiyalar berishadi. Bu orqali esa agentlik qoshidagi maktablarda o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlari oshadi.

Yana bir tarkibiy qism - xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirokidagi loyihalarni inkubatsiya qilish va tezlashtirishdan iborat bo‘ladi. Mentorlar maktab o‘quvchilarining ijtimoiy, ilmiy va tijorat yo‘nalishlariga taalluqli loyihalarini ishlab chiqarish va rivojlantirishda yordam beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida Andover, Milton, Cranbrook Academy va boshqa xorijiy nufuzli maktablar bilan almashinuv dasturini amalga oshirish rejalashtirilyapti. Homiylarning mablag‘larini jalb qilgan holda agentlik maktablarining o‘quvchilarini dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olish masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Albatta, bularning hammasi o‘quvchilarimizning muvaffaqiyatli va kelajakda mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan mutaxassis bo‘lishiga qaratilgan.

Hilola UMAROVA,

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori.

O‘zA