Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
20:47 / 2022-12-20

Munosabat

Butun xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasini zo‘r bir ishtiyoq bilan tingladi. Unda 2023 yilga mamlakatimizda Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb nom berish taklif etildi.

2023 yilga bunday nom berilishining tag zamirida O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirishdek ustuvor vazifa yotadi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash, 2023 yilda qo‘shimcha 70 ta yangi maktabni qurish, 460 tasini kengaytirish, xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihasini boshlab, keyingi besh yilda ularning sonini 1000 taga yetkazish, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadida 2023 yildan boshlab yangi dastur standartlarini joriy etishni ta’kidlab o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi olti yilda ta’lim sohasidagi izchil islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.

Shuningdek, sohada islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2026 yilga qadar Taraqqiyot strategiyasi doirasida maktabgacha ta’limda qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, malakali o‘qituvchilarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1000 AQSH dollari ekvivalentiga yetkazish, oliy ta’limda qamrov darajasini 50 foizga, nodavlat OTMlar sonini kamida 50 taga yetkazish belgilab olindi.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti qolgan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham yo‘lga qo‘yiladi.

Yuqoridagi maqsadlarni amalga oshirish uchun 2023 yilda davlat byudjetidan ta’lim sohasiga 58,37 trillion so‘m (davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 23 foizi) ajratish rejalashtirilgan, bu 2022 yilda kutilayotgan ko‘rsatkichdan 16 foizga ko‘p degani.

Ta’kidlash joizki, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bunday sa’y-harakatlar va bu borada Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar, albatta, o‘z samarasini berishi shubhasiz. Zero, bularning barchasi yaqin kelajakda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, farovonligini oshirish va O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi uchun ko‘zlangan maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jamshid SHARIPOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti.

O‘zA