Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bugun tom ma’noda jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarilganini namoyon etadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar belgilangan.
Jumladan, “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish” g‘oyasi ostida strategiyaning 1.1 bandida ta’lim islohotlarining 12 ta yo‘nalish va maqsadlarini amalga oshirish mexanizmlari keltirilgan. Strategiyada ta’lim tizimining barcha bosqichlarida 2030 yilgacha belgilangan vazifalar keyingi 5 yilda o‘zining samarasini berishini prognozlash mumkin.

Xususan, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida 1000 nafar tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijiy oliygohlarga stajirovkaga yuborish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatimizda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ham bugun jamiyatimizda tom ma’noda ta’lim islohotining yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Mazkur qonunda pedagog, murabbiylik maqomi, ularning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatlariga doir va pedagoglarning ijtimoiy himoyasi kabi masalalari belgilangan. Pedagoglar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari ham yangi davrga mos, taraqqiyotga xizmat qiladigan, raqabotbardosh kadrlar tayyorlashda yangicha yondashuv asosida o‘zlarinig istiqbol rejalarini belgilashini taqozo etadi.
Pedagoglarni tayyorlash oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Pedagogika ta’lim yo‘nalishi hamda mutaxassisligi bo‘yicha o‘quvchi va talabalarni professional va oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish davlat granti va to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasini shakllantirishda oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat grantlari asosidagi maqsadli qabul ko‘rsatkichlari ajratilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Strategiyada 2030 yilgacha yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Guliston davlat institutida ham hozirgi kunda 3 ming 900 nafar talaba bakalavr, magistratura yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda institut moddiy-texnik bazasi, o‘quv-laboratoriya xonalari va professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar ulushi 38 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 2030 yilda oliy 70 foizga yetkazish maqsad qilingan.
“Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish vazifasi ham strategiyadagi asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Guliston davlat pedagogika institutiga bir qator ustuvor vazifalar yuklatilgan.

Jumladan, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-uslubiy faoliyati natijadorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini 2023-2026 yillar kesimida bir necha baravarga oshirish, institutimizning asosiy ustuvor vazifalaridan biridir. Institut tomonidan xalqaro munosabatlar sohasida amalga oshirilayotgan e’tiborga molik yutuqlar va tashabbuslar haqida to‘xtalsam.
2023 yil davomida institut o‘zining global mavqeini oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun turli sa’y-harakatlarni faol ravishda amalga oshirdi. Dunyoning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. Rossiya, Vengriya, Bolgariya, Turkiya, Belgiya ва Xitoy kabi davlatlarning yetakchi institutlari va ta’lim markazlari bilan madaniy almashinuv dasturlari, qo‘shma tadqiqot loyihalari va talaba-o‘qituvchilar almashinuvi kabi sohalarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
2023 yilda institutimizning 4 nafar professor-o‘qituvchilari dunyoning yetakchi universitetlari hamda ilmiy markazlarida o‘z malakalarini oshirib qaytdi.

Jumladan, 2023 yil sentyabrda 2 nafar professor-o‘qituvchimiz Turkiyaning Balыkesir universitetiga ilmiy stajirovka o‘tash uchun jo‘nab ketishdi. Ularning tashrifi Turkiya ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishishga qaratilgan bo‘lib, o‘quv dasturi doirasida o‘tkazildi. Natijada institutlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.
2023 yil 23 oktyabridan 1 noyabrga qadar institut professor-o‘qituvchilar Xitoy Xalq Respublikasi malaka oshirishga yuborildi. Xitoyning ta’lim tizimi, milliy sharoitlari va madaniyati haqidagi tushunchalarni kengaytirishga qaratilgan “Chinese Bridge (Xitoy birdamligi)” dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi. Ushbu tashrif davomida institutimiz va Xitoyning Pekin shahridagi bir qancha ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida 5 ta xorijiy OTM bilan memorandum imzolandi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, jamiyatimizda, universitetlarning ta’lim berish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Jamiyatni yangi davr imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda taraqqiyotni kafolatlaydigan kadrlar tayyorlash masalasiga daxldorlik ruhida yondashilsa, shubhasiz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar o‘z mevasini berishi muqarrar.

Nurbek Ayaqulov,
Guliston davlat pedagogika instituning
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori
O‘zA