Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga yo‘naltirilgan investitsiya inson kapitalini yuksaltirishga xizmat qiladi
07:17 / 2022-05-17

bugungi kunda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylanmoqda. Barcha rivojlangan mamlakatlarda ta’limga sarflanadigan xarajatlar ijtimoiy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, chunki ular davlat va jamiyat tomonidan fuqarolar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor darajasini aks ettiradi.

Boisi, ta’limga yo‘naltirilgan investitsiyalar nafaqat mamlakatning inson kapitalini yuksaltirish, shu bilan birga, iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashning muhim usuli hisoblanadi.

Zero yurt kelajagi, barcha sohalardagi yuksalishlar, muvaffaqiyati, bilimli insonlarga bog‘liq. Davlatimiz rahbari boshchiligida oxirgi yillarda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘pgina salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu borada mamlakatimiz yana bir yangi davrga qadam qo‘ydi. Xususan, O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishdagi bir qator maqsad va vazifalar aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va mehnatini munosib rag‘batlantirish, o‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyatini yanada kuchaytirish bosh mezon qilib ko‘rsatildi.

Yurtboshimizning o‘qituvchilarga bo‘lgan bunday munosabati, ularni kasbiga bo‘lgan mehrini oshirib, yuksak marralarni zabt etishlari uchun qanot bo‘la oladi. Mazkur farmonga ko‘ra, 2022 yil yakuniga qadar maktab o‘qituvchilari uchun «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasida pedagogik faoliyatdan ajralmagan holda amalga oshiriladigan qo‘shimcha individual malaka oshirish kurslari joriy etiladi. Bu har bir o‘qituvchiga mehnat jarayonida yengillik va bilim olishlariga qulaylik yaratadi.

Shuningdek, 2024 yil 1 sentyabrga qadar Milliy o‘quv dasturining ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishi, yil yakuniga qadar esa, yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlarini yaratilishi farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashiga yordam beradi.

Shu bilan birga, o‘z ustida muntazam ishlab kasbiy malakasi va tajribasini oshirib borayotgan pedagoglarni munosib rag‘batlantirib borish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega hamda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haq to‘lab borish tizimi joriy etiladi.

Yoshlarning kelajagini ta’minlash va ilmga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish maqsadida yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish va ularning ta’lim-tarbiyasini takomillashtirish uchun ta’lim-fan sohasida katta o‘zgarishlar qilish zarurdir. Ta’kidlab o‘tish lozimki, bugun Davlatimiz rahbarining «Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda uchinchi Rennesans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak», deya aytgan fikrlari hayotimizda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Jumladan, ushbu fikrlarning isboti sifatida, bugun yurtimizda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning xalq ta’lim tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallashtirish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bugun yurtimizda ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilayotganini keng jamoatchilik e’tirof etyapti. O‘qituvchilarga yaratilayotgan sharoitlar, oylik maoshlarning bosqichma-bosqich oshirilayotgani, muallimlarning turli hashar, majburiy mehnat, kasbiga daxli yo‘q majlislardan ozod etilgani hamda qog‘ozbozlikning keskin qisqartirilgani albatta quvonarli holdir.

Shu bilan birgalikda, iqtidorli o‘quvchilarning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarning chuqur o‘zlashtirilishiga keng sharoitlar yaratilishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Yaqin kelajakda ta’lim sohasidagi islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, belgilangan maqsad va rejalarimizni amalga oshiruvchi yetuk kadrlar yetishib chiqishi shubhasiz.



Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati