Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga qaratilayotgan e’tibor – kelajak poydevori
10:12 / 2025-09-17

Joriy yil Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbir jamiyatimizda ilm-fan, ma’rifat hamda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.

So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot 2 barobarga o‘sgani, ta’lim va ilm-fan sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobar oshgani ta’limga strategik sohalardan biri sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki mehnatkashlar, ayniqsa, ustoz va murabbiylarning mehnati munosib qadrlanayotgan jamiyatda barqaror taraqqiyot hamda ijtimoiy barqarorlikka erishish mumkin.

Tadbirda davlatimiz rahbari kasbiy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Soha uchun 2026 yil – Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi, shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligining tashkil etilishi shu tizimning barcha fidoyilari qatori meni ham quvontirdi. Negaki, tajriba va ko‘nikmalarim shu tizimda shakllangan. Uning barcha bo‘g‘inlarida ishlab chiqarish ustasidan kollej rahbarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tganman. Uning mashaqqatlarini ish faoliyatimda his etganman. 

Yurtboshimizning kasbiy ta’limga bo‘lgan bugungi e’tibori, qo‘llab-quvvatlashlari, imtiyozlarini boshqa ta’lim turlari bilan tenglashtirilishi 598 ta texnikumga yangi muhitni olib kiradi. Xalqaro standartlarning, eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlarining joriy etilishi natijasida yoshlarimiz xorijiy davlatlarning ta’lim tashkilotlaridan qolishmaydigan texnikumlarda turizm, tibbiyot, qurilish, logistika, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda kasblarni egallaydi. Ularning mehnat bozorida kasb egallab, o‘z o‘rnini topishi esa oilalar farovonligini, mahallalardagi tinchlikni, ota-onalar roziligi, xotirjamligi hamda jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlaydi.

Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash – faqat moddiy emas, balki ma’naviy ehtirom hamdir.

Kasaba uyushmalari tizimi uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri – bu mehnatkashlarning ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdir. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslar – pedagoglar uchun ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badalini qoplash, farzandlarining kontrakt to‘loviga chegirmalar berish, kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish, davlat xizmatlari to‘lovlarini ikki barobar kamaytirish kabi choralar o‘qituvchilarning – kasaba uyushmalari a’zolarining ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, viloyatimizda mavjud 25 ta texnikumdagi 1000 nafardan ortiq muallim va ustalarning malakasi hamda jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan choralarning belgilanishi, ular uchun kasbiy sertifikatlash tizimining yaratilishi natijasida ishlab chiqarish ustalari va o‘qituvchilar ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan manfaat ko‘radi va o‘z o‘rnida ularning salohiyati ham yanada oshadi. 

Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar esa mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Ta’lim faoliyatini bozor talablari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida texnikumlarda amalga oshirilayotgan islohotlar “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri, dual ta’lim, xalqaro sertifikatlash va zamonaviy ustaxonalar barpo etish bugungi kunda kasbiy ta’limning nufuzini tubdan oshiradi. Bu jarayonlar yoshlarning kasb egallab, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. 

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi ta’lim sohasidagi islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat soha taraqqiyotiga, balki butun jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Mehnatkashlarning huquqlari, manfaatlari himoya qilinib, ijtimoiy sharoitlari yaxshilanar ekan – bu mamlakatning har tomonlama taraqqiyoti va kelajak farovonligining kafolati bo‘ladi.

Nazira Tog‘ayeva,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining

Navoiy viloyat Kengashi raisi.

O‘zA