English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga olib boruvchi yo‘l barcha uchun ochiq bo‘lsa, jamiyat haqiqiy ma’rifatlidir
11:59 / 2025-12-02

Agar jamiyat taraqqiyotini bir necha satrga jamlash mumkin bo‘lsa, uning yuragida bitta g‘oya yotar edi: barcha uchun teng sharoit yaratish. Har yili 3 dekabrning dunyo miqyosida alohida e’tirof etilishi ham bejiz emas — 1992 yil 14 oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan qaror bu sanani nogironligi bor insonlar huquqi va qadrini ulug‘lashning ramziga aylantirgan. Bu kun nafaqat muammolarni tilga olish, balki jamiyatning yuzi qaysi tarafga qarayotganini ko‘rsatadigan ma’rifiy oynadir. Voqelik shundan dalolat beradiki, jamiyat o‘zining yetukligi, avvalo, imkoniyati cheklangan insonlar uchun qanchalik ochiqligi bilan o‘lchanadi.

Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, 2018-2025 yillar O‘zbekistonda, ayniqsa, ta’lim sohasida katta burilishlar davri bo‘ldi. Bu yillar oralig‘i nogironligi bor yoshlar uchun yo‘lni ochib, ularning iste’dodi, intilishi va irodasini hayotga tatbiq qilish imkoniyatini kengaytirdi. Oliy ta’limga qabulda alohida grant kvotalarining joriy etilishi — bilim olish yo‘lida to‘siqlar emas, imkoniyatlar paydo bo‘la boshlaganining birinchi qadami edi. Bu nafaqat huquqiy qaror, balki buyuk ijtimoiy g‘oyaning amaliy ifodasi — “ta’lim huquqi barcha uchun barobar” degan tamoyilning hayotga kirib kelishi bo‘ldi.

2018 yildan boshlab oliy ta’limga qabul jarayonida nogironligi bor yoshlar uchun maxsus davlat granti o‘rinlarining ta’sis etilishi inklyuziv ta’limga yo‘l ochgan muhim burilish bo‘ldi. Bu qaror har bir yoshning, jismoniy imkoniyati qay tarzda bo‘lishidan qat’i nazar bilim olishga bo‘lgan huquqini mustahkamladi.

Ayniqsa, 2020-yilda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun inklyuziv jamiyat qurish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri boʻldi. Bu hujjat nogironligi bor insonning huquqlarini himoya qilar ekan, uning taʼlim olish, ijtimoiy hayotda qatnashish va kasbiy rivojlanishda teng imkoniyatga ega boʻlishini kafolatladi. 2021-yilda Oʻzbekistonning BMT Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishi esa yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosatning xalqaro standartlarga mosligini yana bir bor tasdiqladi.

Shu yillar oraligʻida taʼlim tizimida amaliy oʻzgarishlar juda koʻp boʻldi. Nogironligi bor abituriyentlar uchun hujjat topshirishdan tortib test sinovlarigacha boʻlgan jarayonlarni moslashtirish, zarur oʻquv materiallarini maxsus formatda taqdim etish, oliy taʼlim muassasalarida mos infratuzilma yaratish — bularning barchasi talaba uchun haqiqiy imkoniyat eshigini ochdi. Oqibatda, imkoniyati cheklangan talaba endi auditoriyada oʻzini mehmon emas, balki jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida his qila boshladi.

Eʼtirof etish kerakki, taʼlim bilan bir qatorda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandlik yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2023-2025-yillarda ish beruvchilarga subsidiya va imtiyozlar taqdim etilishi nogironligi bor yoshlar uchun mustaqil hayotga qadam qoʻyish imkoniyatini oshirdi. Bunday siyosatning mohiyati bitta: inson faol boʻlish imkoniyatiga ega boʻlsa, uning nogironligi emas, salohiyati eʼtiborga olinadi.

Bir oʻqituvchi sifatida men eng katta oʻzgarishni talabalarning oʻzimizda — universitet hayotida sezaman. Kechagina auditoriyaga kirishda qiynalgan talaba bugun ilmiy konferensiyalarda ishtirok etayotgan boʻlsa, avval oʻqishdan umidsizlangan yosh bugun grant yutishga harakat qilmoqda. Inklyuziv taʼlimning haqiqiy natijasi ularning koʻzidagi ishonch, qadamlaridagi qatʼiyat, orzularini aytishdan, ular uchun kurashishdan qoʻrqmay qolayotgan jasoratida namoyon boʻladi.

Shunisi muhimki, barcha oʻzgarishlar bir narsani isbotladi: nogironligi bor talaba jamiyatning yuki emas, balki uning imkoniyatidir. Uning salohiyatini ochish faqat bir inson hayotini emas, balki butun jamiyatning intellektual va maʼnaviy boyligini oshirishi mumkin.

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni, biz uchun yana bir bor toʻxtab, oʻylab koʻrish imkoniyati: qanchalik ochiq, qanchalik insonparvar, qanchalik adolatli jamiyat quryapmiz? Agar taʼlim eshigi barcha uchun ochiq boʻlsa, agar har bir talaba oʻzini baxtli his etsa, demak, biz toʻgʻri yoʻldamiz. Bugungi islohotlar esa shu haqiqatni tasdiqlab turibdi.

Inson qadri ulugʻlangan yurtda har bir talaba-yosh qiyinchilikdan quvvat topadi, chegaradan imkoniyat yaratadi. Agar biz ushbu mehr, ushbu eʼtibor va ushbu hamjihatlikni asray olsak, ertangi kunda nogironligi bor yoshlar nafaqat taʼlimning, balki jamiyat taraqqiyotining yetakchi quvvatiga aylanadi.

Shoira Xudoyqulova,

Termiz davlat universiteti oʻqituvchisi.