Insonning maqsadi juda aniq va ravshan bo‘lsa, unga erishish shuncha yengil kechadi. Odamlar jamiyatda yaxshi yashash uchun izlanib, tinimsiz harakat qilsa, davlat ham xalqining farovon yashashi, avlodlarining kelajagi porloq bo‘lishi uchun o‘zining istiqbolli maqsadlarini belgilab oladi.
Mamlakatimizning kelgusi rivojlanish bosqichlarini belgilab bergan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ezgu maqsad sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Shu bois ushbu hujjat Xalq strategiyasi, deya atalmoqda. Beshta yo‘nalish, yuzta asosiy maqsadni birlashtirgan mazkur normativ-huquqiy hujjatda mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan ta’lim tizimi islohotlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Zotan, jadid mutafakkiri Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, ilm –dunyoning izzati. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o‘tkir qilur.
Ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot, kuch beruvchi buyuk ne’mat ekani, bugungi tezkor va shiddatli dunyoda yanada keng namoyon bo‘lyapti.
Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘lida ishlab chiqilgan hujjatda 2030-yilgacha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish qat’iy belgilab qo‘yildi. 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlari toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlanadi. Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassis jalb etilib, barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarga o‘rgatish kurslari joriy qilinadi. Pedagoglarning o‘rtacha ish haqi ikki barobarga oshirilib, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetkaziladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, shuningdek, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni joriy etish belgilangan. Kitobxonlar sonini 5 millionga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani yurtimizda tarbiya va ta’lim birlamchi o‘ringa ko‘tarilganini anglatadi.
Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli o‘g‘il-qizlar mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladigan bo‘ldi. Mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marta o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal etish va salohiyatini yuzaga chiqarish, talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borish vazifasi qo‘yildi. 7,5 ming nafar yosh zamonaviy kasblarga o‘qitilishi, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan 6 ming yigit-qizning imtihon xarajatlari qoplab berilishi, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi qo‘shimcha mingta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy etilib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizgacha oshirilishi belgilandi.
Joriy yil 1-sentyabrdan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabiga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgani tog‘li ikki hudud uchun davlatimiz ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”da nodavlat va respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida davlat grantlari asosida kadrlar tayyorlash o‘rnini faqat kunduzgi ta’lim shaklida 1 ming 200 taga yetkazish, ya’ni 20 foizga oshirish yuzasidan takliflarni shakllantirish belgilangani ham Yangi O‘zbekistonda ilm-fanga ishtiyoqi baland, yuksak ma’naviyatli yoshlarni kamolga yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mavridi kelganda aytish lozimki, dasturda oliy ta’limning bakalavriat yo‘nalishidagi ta’lim tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va mazmun jihatidan yaqin bo‘lgan yo‘nalishlar birlashtirilib, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish, buxgalteriya, logistika, marketing, IT, dizayn, turizm kabi bakalavriat yo‘nalishlarida o‘qish muddatini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Biomuhandislik, nanotexnologiya, IT injiniring, urbanistika, yashil energetika kabi istiqbolli yangi mutaxassisliklarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, muhandislik-texnik sohasidagi 33 ta davlat oliy ta’lim muassasasining faoliyatini kompleks tahlil qilish, fundamental ilmiy-tadqiqot loyihalariga yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalaridan ham rahbar tayinlash kabi ishlar rejalashtirib olindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan har bir yo‘nalish va vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Moliyaviy manbalari hal etilgan. Bu borada amalga oshiriladigan ishlar yanada samarali bo‘lishi uchun Prezidentimiz ta’kidlaganidek, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantirishimiz kerak. Zero, yagona maqsadimiz Vatanimizni kuchli huquqiy davlat va farovon fuqarolik jamiyatiga aylantirishdir.
O‘ral Ahmedov,
Termiz muhandislik-texnologiya instituti rektori.
O‘zA