Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘qituvchining jamiyatdagi maqomini oshirish, ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bugungi kunda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining tizimdagi o‘rni sezilmayotganligini tanqid qilib, bu borada istiqboldagi aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Jumladan, hokimning ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda bir qator vakolatlar berildi.

Buxoroda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimidagi shahar va tumanlar Xalq ta’limi bo‘limlari mudirlariga “NEXIA-3” rusumli zamonaviy xizmat avtomashinalari topshirildi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda ta’limga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng rag‘bat va e’tibor ifodasi sifatida shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlariga avtomashinalar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

– Tumanimizdagi 8 ta umumta’lim maktabini bu yil 250 nafar o‘quvchi bitirdi, – deydi Qorovulbozor tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Dildora Rahmatova. – Ularning 105 nafari o‘zlari tanlagan oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirishdi. Bu borada viloyat reytingida yetakchilar safiga qo‘shildik. Hozirda tumandagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 4 ming 92 nafar o‘g‘il-qizga talab darajasida ta’lim berish uchun bor kuch va imkoniyatni ishga solyapmiz. Bizga berilgan yangi xizmat avtomashinasi ham shu yo‘ldagi bir rag‘bat, e’tirofdir. Davlatimiz rahbari bildirgan ishonchni albatta bilim va yaxshi natijalar bilan oqlaymiz.
Zarif KOMILOV, O‘zA