Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor
12:07 / 2023-08-18

Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostidagi II ustozlar milliy forumi “Barkamol avlod” bolalar maktabi, umumta’lim maktablari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma hamda musiqiy chiqishlar bilan boshlandi.

Barcha tuman va shaharlardan 500 nafarga yaqin pedagoglar qatnashgan tadbirni viloyat hokimi Normat Tursunov ochib berdi.  

Ta’kidlanganidek, viloyatda so‘ngi uch yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 476 taga ko‘payib, 1216 taga yetdi. Qo‘shimcha 9 ming 434 nafar 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi evaziga qamrov darajasi 82,2 foizga yetkazildi. Shuningdek, 354 umumta’lim maktablari 370 taga yetkazilib, 30 ming nafar o‘quvchi o‘rni yangidan yaratildi va 183,8 ming nafar o‘quvchilarning ta’lim olishiga erishilmoqda.  

[gallery-13165]

Joriy yilda maktablarni 11 mingga yaqin o‘quvchi bitirib, ularning 567 nafari oltin va 39 nafari kumush medallar bilan taqdirlandi. Bitiruvchilarning 502 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Joriy o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika fan olimpiadasida navoiylik 7 nafar o‘quvchi g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Ularning 3 nafari 1-o‘rinni egalladi.  

Bundan tashqari, Navoiy shahridagi 11-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Saida Abdullayeva Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasida kumush, Navoiy shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati 11-sinf o‘quvchisi Suxrob Xalilov esa Xitoy davlatida bo‘lib o‘tgan 1-Xalqaro matematiklar yozgi oromgohi olimpiadasida bronza medalni qo‘lga kiritgan.  

2022-2023 o‘quv yilida 4 nafar o‘qituvchi davlat mukofotlari, 65 nafari esa tarmoq mukofotlari bilan taqdirlandi. Joriy yilda 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 22 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ularning 13 tasi Investitsiya dasturi, 5 tasi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan, 3 tasi homiylik hamda 7 tasi boshqa dasturlar doirasida olib borilyapti.  

– Bugungi kunda maktablarimizda o‘qitish 5 tilda olib borildi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – O‘sib kelayotgan yosh avlodga 20 ming 964 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. Ularning 19 ming 333 nafari oliy, 904 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli bo‘lsa, o‘rta maxsus ma’lumotlilar 727 nafarni tashkil etadi. Ayni paytda 159 nafar o‘qituvchimiz “Vazir ustama”sidan har oyda 5 million so‘mdan ortiq mablag‘ olmoqda.  

O‘zbekiston Respublika Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, viloyatdagi 60 ta umumta’lim maktablari 1-, 2-, 3-darajali “Zamonaviy maktab” maqomini olgan bo‘lib, respublika bo‘yicha faqatgina Zarafshon shahridagi 3-maktab 1-darajali “Zamonaviy maktab” sanaladi.  

Ikki kun davom etgan forumda qatnashchilar sho‘’balarda taqdimot hamda o‘quv treninglarda ishtirok etdi.  

Tadbirda bir guruh rahbar va pedagoglar tizimdagi faolligi, tashkilotchiligi hamda sohani rivojlantirishdagi xizmatlari uchun viloyat hokimining “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

 

A.Bo‘riyev,  

S.Aslonov (surat), O‘zA