Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga ajratilayotgan sarmoya o‘z natijasini bermay qolmaydi
16:00 / 2022-01-21

2022 yil 1 yanvardan boshlab yurtimizdagi 35 ta oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berildi. Shuningdek, ular qatorida Samarqand davlat chet tillar instituti ham bor.

Ushbu tizimga o‘tishdan oldin xorijiy tajribalar mukammal o‘rganilgan. Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH, Angliya, Germaniya kabi xorijiy davlatlarda ham xuddi shunday o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalari bor.

Birinchi navbatda ushbu tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalari ta’lim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida o‘quv jarayoniga jalb qilish, yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari va kutubxonalarni qurish, yangi fakultetlar hamda filiallarni ochish, yangi grantlar joriy etishda mustaqil qaror chiqara oladi. Lekin bu institut to‘liq mustaqil bo‘ldi, degani emas.

Ta’kidlash joiz, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand davlat chet tillar institutida qabul kvotalari ikki barobarga oshirildi va institutga o‘qishga kirish maqsadida hujjat topshiruvchilar hamda talabalar soni tobora ortib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan yangidan yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari va kutubxonalarni qurishni, jumladan, yangi ta’lim yo‘nalishlar, fakultetlar hamda filiallarni ochish kabilarni taqozo etmoqda.

Shu munosabatda viloyatning Narpay hamda Payariq tumanlarida “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili)” va “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” fakultetlarini tashki etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5812-sonli farmoniga asosan Narpay tumanidagi xizmat ko‘rsatish texnikumi hamda Payariq tumanidagi iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejlari Samarqand davlat chet tillar instituti tasarrufiga o‘tkazilgan edi. Ushbu ikki tumandagi inshootlar ham eskirib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan edi. Moliyaviy mustaqillik sabab ushbu o‘quv binolarini to‘lig‘icha qayta ta’mirdan chiqarildi.

O‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tilganligi bois, oxirgi ikki yilda qator ishlarni amalga oshirildi. Jumladan, 2021/2022 o‘quv yilida 20 milliard so‘mga davlat xususiy sherikchilik asosida 1 ta 600 o‘ringa moslashgan talabalar turar joyi, shuningdek, institutning o‘z mablag‘lari hisobidan 14 milliard 153 million 900 ming so‘mga 3 qavatli zamonaviy Axborot resurs markazini qurilyapti.

Hozirda mavjud va foydalanishga yaroqsiz bo‘lib turgan 1000 o‘ringa moslashgan 4 qavatli o‘quv binosi hamda 200 o‘ringa moslashgan talabalar turar joyini 16 milliard 323 million 100 ming so‘mga to‘liq mukammal qayta ta’mirdan chiqarish ishlari ham olib borilmoqda.

Alohida aytib o‘tishim lozim, Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olayotgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va yordam berish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2020/2021 o‘quv yilida 3 nafar talaba moddiy imkoniyati cheklanganligi sababli to‘lov-shartnoma mablag‘larini amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi bo‘yicha qilgan murojaatlari institut "Stipendiya komissiyasi" tomonidan o‘rganilib chiqildi hamda ularning murojaatlari ijobiy hal etilib, har biriga to‘lov-shartnomalarini amalga oshirishlari uchun institut tomonidan 1 284 000 so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazilib berildi.

Institutida farzandi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy holati hamda moddiy yordamga ehtiyoji borligi o‘rganib chiqildi. Iqtidorli, yetim, chin yetim, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda “Temir daftar” ro‘yxatidagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalar ro‘yxati shakllantirildi.

Shuningdek, 8 nafar chin yetim va nogironligi bo‘lgan talabalarning har biri 34 foiz, 13 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan talabalarning har biri 27 foiz, 43 nafar yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalarning har biri 22 foiz, 3 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalarning har biri 54 foiz jami 67 nafar talabalarning kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

Moddiy tomondan ko‘mak berilgan ushbu talabalarga bazaviy stipendiya summasining 3 baravaridan 8 baravarigacha bo‘lgan miqdorida kontrakt hamda byudjet mablag‘lari hisobidan jami 104 860 000 so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi.

2021/2022 o‘quv yilida esa ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talaba-qizlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning yashash joylaridagi hokimliklarga yuborildi. Shundan Samarqand viloyat hokimligi tomonidan 11 nafar qizlarga jami 78 443 560 so‘m, Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan esa 39 nafar talaba-qizlarning 273 204 453 so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘lab berildi.

Bundan tashqari, institutda a’lo baholarga o‘qiyotgan 119 nafar talabalarga 184 883 160 so‘m miqdorida moddiy rag‘bat, iqtidorli, faol va ijtimoiy himoyaga muhtoj 125 nafar talabalar 129 470 000 so‘m miqdorida moddiy yordam, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi 5 nafar talabalar 7 768 200 so‘m miqdorida moddiy yordam, 3 dekabr xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan I va II guruh nogironligi bo‘lgan 99 nafar talabalarga 154 816 120 miqdorida moddiy yordam berildi. Jami 348 nafar talabaga 476 937 480 so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining moddiy texnik bazasini boyitish, litseyda ta’lim sifatini mustahkamlash va metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun institut tomonidan 1 mlrd. so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratildi.

Shuningdek, 2021 yilda o‘quv binolarini ta’mirlash uchun 200 mln., issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish uchun 100 mln., oshxona va sport zal ta’miri uchun 100 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. ARM fondi 63 nomdagi 450 ta o‘quv va badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan akademik litsey o‘quvchilari uchun xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi.

Mazkur o‘quv yilida litsey o‘quvchilari ichida tanlov e’lon qilinib, eng iqtidorli a’lochi o‘quvchilardan 35 nafariga, ulardan 25 nafari “Rektor stipendiyasi”ga, 10 nafari esa “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasiga tavsiya etildi.

“Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasiga sazovor bo‘lgan o‘quvchilar 540 mingdan bir marotaba, “Rektor stipendiyasi”ni esa 155 mingdan 6 oy mobaynida olib borishadi.

Litseyda pedagog xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘quvchilari viloyat va respublika olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan va oliy ta’lim muassasalariga kirish borasida 70 % dan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan pedagog xodimlarning 10 nafariga institut byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 30 % gacha ustama belgilandi. Jumladan, o‘quv xonalarini kompyuter jihozlari bilan ta’minlash uchun 98 mln. miqdorida pul mablag‘lari ajratildi.

Institutga Samarqand viloyati bo‘yicha 60 ta maktab biriktirilgan bo‘lib, umumiy maktab bitiruvchilar soni 1 527 nafar. Shu kungacha barcha maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida 65 million so‘mdan ortiq mablag‘ga o‘quv adabiyotlari, 20 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga o‘quv jihozlari bilan ta’minlash borasida homiylik qilindi.

Talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘rtga bo‘lib to‘lash (25%, 50%, 75%, 100%) muddatlarini belgilash hamda talabalar va ularning ota-onalarining moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olgan holda uzaytirish, ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha xorijiy hamkor tashkilotlar bilan muzokaralar olib borish va mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini mustaqil belgilash, vaqt me’yorlari va soatlar taqsimotini qaytadan ko‘rib chiqish, shtat birliklarini kreditga bog‘lagan holda joriy etish, xorijiy davlatlarda yaratilgan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va xarid qilish, talabalar uchun turli xil stipendiya va grantlarni joriy etish, zamonaviy ta’lim xizmatlari bozorini o‘rgangan holda startaplar, innovatsiya va loyihalar uchun grantlar e’lon qilish kabilarni asosiy rejalar, vazifalar sifatida belgilab oldik.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan va oliy ta’lim tizimini tub ijobiy o‘zgarishlarga olib keladigan oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruvda mustaqillik berish borasidagi 2 ta tarixiy, ya’ni “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida yangi davrni boshlab berdi. Negaki, 2022 yil yanvar oyidan boshlab respublikadagi eng salohiyatli 35 ta oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishi – bu boradagi vazifalarni sifatli tarzda amalga oshirish va hozirdanoq mustahkam poydevor yaratishni talab etadi hamda tizimning rivojlanishi uchun juda katta taraqqiyot eshiklarini ochadi.

Amalga oshirilayotgan barcha istiqbolli rejalarimiz kelajakda o‘quvchi-yoshlarning mukammal bilim olib, o‘z sohasining ustasi bo‘lib yetishishida muhim o‘rin egallaydi, degan umiddamiz. Maqsadimiz o‘quvchilarimizning fanlarni chuqur o‘zlashtirishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdir.

Zero, biz ishonamizki, ta’limga qaratilgan e’tibor hech qachon o‘zining samarasini bermay qolmaydi. Shijoatli yoshlarimiz berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, el koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib yetishib chiqajak.

Maqsadimiz – ta’lim muassasalarining raqobatbardoshligini ta’minlash orqali mehnat bozoriga zamonaviy va kasbiy bilimlarni chuqur egallagan, aqlan yetuk, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan malakali va raqobatbardosh mutaxassis kadrlar tayyorlashdir.

Ilhomjon To‘xtasinov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor