Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga 2023 yilga nisbatan 10 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratilgan
17:49 / 2025-06-02

Avval xabar berilganidek, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yildagi hamda 2025 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zolari byudjet ijrosi muhokamasiga partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashdilar. Ya’ni, asosiy e’tibor ta’lim-tarbiya sohasi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, turizm va madaniy meros masalalarida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi.

Hisobotda qayd etilganidek, ijtimoiy xarajatlar Davlat byudjeti xarajatlarining 49 foizini tashkil etdi. 

Ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismi, ya’ni 46,8 foizi esa ta’limga sarflangan. Jumladan, buning uchun 71,2 trln. so‘m yoki 2023 yilga nisbatan 10 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratildi.

"Milliy tiklanish" fraksiyasi tashabbusi bilan "Tirik tarix" turkumidagi filmlarni ishlab chiqish uchun davlat byudjetidan 40 mldr. so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan edi. 

Muhokamalarda deputat Azamat Pardayev ushbu masalani ko‘tarib, natijasi bilan qiziqdi. Bunga javoban Madaniyat vazirligi vakili "Tirik tarix" turkumida 54 ta tarixiy film ishlab chiqarish belgilangani, joriy yilda uning doirasida 10 ta filmni suratga olish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. 

Shuningdek, muhokamalarda umumta’lim maktablarida kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun bepul to‘garaklar tashkil qilish masalasi ham ko‘tarildi. Deputat Bahodir Mamatxonov fraksiya tashabbusi bilan ushbu maqsad uchun 2025 yil byudjetdan qo‘shimcha 200 mlrd. so‘m ajratish masalasi hal qilinganini, ammo joylardagi o‘rganishlar davomida bu boradagi ishlar hamon boshlanmaganiga guvoh bo‘lishganini qayd etdi. 

Vazirlik vakili bu masala bo‘yicha tegishli idoralar bilan kelishilgani, qaror loyihasi yaqin kunlarda imzolanishini ma’lum qildi.

Qizg‘in muhokamalar davomida yana bir qator savol va masalalar ko‘tarilib, mas’ullardan tegishli javoblar olindi. 

Deputatlar byudjet ijrosi samaradorligini ta’minlash, yo‘naltirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirish va undan oqilona foydalanish lozimligini alohida qayd etdilar. 

Muhtarama Komilova, O‘zA