Munosabat
bugungi globallashgan dunyoda talabalarning iqtisodiy ahvoli va moddiy ta’minot masalalari keskinlashgan. Aholining ba’zi qatlamida yashash darajasining pasayishi, ishsizlik, tijoratlashtirilgan ta’lim, stipendiyaning kamligi talabalarni daromad manbalarini qidirishga majbur qilmoqda.
Qo‘shimcha daromad manbalari orqali o‘zini ta’minlash moddiy jihatdan talabani oilaga bog‘langanlikdan – moddiy qaramlikdan qutqarib, moliyaviy mustaqillikka olib kelsa, yana bir tomondan mehnat uning uchun dastlabki ish tajribasiga moslashuvida o‘ta zarur qadamdir. Ta’limdan tashqari ikkinchi bandlik – mehnat qilish talabaning daxldorligini oshiradi va moddiy foyda ko‘rishiga olib keladi.
Ta’kidlash joizki, o‘qish va mehnatni bir vaqtning o‘zida olib borish talabaning ma’naviy va jismoniy holatiga ta’sir qilishi mumkin. Vaqtni samarali o‘tkazish bilan birga talaba yomon akademik ko‘rsatkichlar ko‘rsatishi, qoldirilgan darslar kabi muammolar va charchoq, ruhiy qiyinchiliklarga uchrashi mumkinligini ham ko‘zdan qochirmasligimiz kerak.
Hozir ko‘plab talabalar o‘qishning birinchi bosqichidanoq boshlang‘ich mehnat ko‘nikmalarini shakllantirib, asosiy o‘qish faoliyati bilan birga mehnat bozori munosabatlarini o‘rnatishga harakat qilyapti. Biroq turli xil bosim, tazyiq va noto‘g‘ri munosabatlardan yoshlarning himoyalanishini ta’minlash payti keldi. Hali yetuk malakali mutaxassis sifatida shakllanmagan talabaning mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishida uning kasb va kasbiy mahorat, muvaffaqiyatga erishish ahamiyati va mehnat bozoridagi qadriyatlar haqidagi tushunchalari shakllanadi.
Prezidentimiz raisligida 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada alohida ta’kidlandi. Istisno tariqasida, rektorlarga o‘z tizimidagi o‘quv yordamchi va texnik xodimlar lavozimlariga talabani bilim va salohiyatidan kelib chiqib ishga joylashtirishga ruxsat etilishi aytib o‘tildi. Olib borilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, oliygohlarda o‘qiyotgan talabalarimiz orasida salohiyatli, mas’uliyatli va topshirilgan vazifani mukammal bajaradiganlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar bandligini ta’minlash borasidagi fikr va takliflarini Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali jamoasi bilan chuqur o‘rganib, amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan rejalarni belgilab oldik. Jumladan, filialda bugungi kunda shtatlar jadvali asosida 14 nafar talaba mehnat qilayotgan bo‘lsa, shtatlar jadvali kengayishi hisobiga ularning sonini yana 10 nafarga oshirish rejalashtirildi. Hozirgi kunda ta’lim olish bilan birga, avtoservis va avtomobil yuvish shoxobchalarida, dorixona va do‘konlarda ish bilan band, hunarmandchilik (tikuvchilik, pazandachilik, sartaroshlik va b.) hamda haydovchilik bilan shug‘ullanayotgan 312 nafar talabamiz bor. Bulardan tashqari, 254 nafar yosh ishlashga ehtiyoji borligini bildirgan.
Ularning bilimi, qiziqishi va salohiyatini o‘rganib, mos ish o‘rinlari yaratish va bandligini ta’minlash jamoamizning asosiy vazifasi etib belgilandi. Bu yil davlat xususiy sherikchilik asosida 500 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi binosining qurilishi hamda yotoqxona faoliyatini tashkil etish ishlariga 25 nafar talaba jalb etiladi. Metallurgiya ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 6 nafar talabaning bandligi kafedra laboratoriyasida temir kuporosini ishlab chiqarish orqali ta’minlanadi.
Filial media markaziga 4 nafar, kompyuter xizmatlari ko‘rsatish va mini tipografiyaga 6 nafar, til o‘rganish markaziga 8 nafar, tashkil etilayotgan tikuvchilik sexiga 20 nafar talaba jalb etilishi rejalashtirildi. Shuningdek, hududda joylashgan korxona va tashkilotlardagi vakant ish o‘rinlari hisobiga 73 nafar talabaning ish bilan bandligi ta’minlanadi. Yosh farzandlari bor talaba va jamoa a’zolarining maktabgacha yoshdagi bolalari uchun qisqa muddatli guruh ochish niyatimiz bor. Talaba yoshlarning istak va xohishlarini o‘rgangan holda turli xil mehnat faoliyatlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Alisher Samadov,
TDTU Olmaliq filiali direktori,texnika fanlari doktori.
O‘zA.