Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limdagi xorijiy tajriba
16:45 / 2026-02-05

Bugungi kunda Buxoro viloyatining umumta’lim maktablariga xorijlik pedagoglarni jalb etish ishlari davom etmoqda. Ayni paytda viloyat maktablarida faoliyat olib borayotgan xorijlik o‘qituvchilar soni 70 nafardan oshib.

E’tiborli jihati shundaki, xorijiy mutaxassislar faqat viloyat markazida emas, balki tumanlar va olis hududlarda joylashgan maktablarda ham samarali mehnat qilmoqda. Bu esa chekka hududlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarga ham xalqaro standartlar asosida ta’lim olish imkonini yaratmoqda.

Xususan, G‘ijduvon tumani umumta’lim maktablarida bugungi kunda 9 nafar xorijlik pedagog ingliz tili fanidan bilim bermoqda. Ular o‘quvchilarga ingliz tilini chuqur o‘zlashtirish, erkin muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda zamonaviy ta’lim metodlari orqali bilim berishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, tumandagi 22-umumta’lim maktabida filippinlik ingliz tili o‘qituvchisi Lea Jean Fortuna, 54-umumta’lim maktabida esa Maria Felinda Tan faoliyat boshladi. Mutaxassislar asosan 10-11-sinf o‘quvchilariga dars berib, ularning til bilish darajasini oshirish, so‘zlashuv ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlariga yordam ko‘rsatmoqda.

Ta’lim jarayoniga xorijlik o‘qituvchilarning jalb etilishi o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish hamda kelgusida xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.