Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limdagi islohotlar yoshlarning global imkoniyatlarini kengaytirmoqda
11:16 / 2025-12-11

Keyingi yillarda ta’lim sohasida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimiz hayotiga yangi ruh, yangi sur’at olib kirdi. Bugun yoshlar bilim olishi, o‘z orzulari sari dadil qadam tashlashi uchun yaratilayotgan sharoitlar kundan-kunga kengaymoqda. Ta’limdagi ochiqlik, yangilanish va xalqaro tajribaga tayanish — aynan shu yo‘nalishlar O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim tizimi shakllanayotganidan darak beradi.

Islohotlar xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash, bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish, oliy ta’limda sifat va samaradorlikni oshirish, ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Natijada milliy ta’lim tizimining xalqaro reytinglardagi o‘rni izchil mustahkamlanib bormoqda. Asosiy maqsad — bilimga asoslangan, innovatsion va samarali ta’lim tizimini yaratish. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini shakllantirmoqda.

Ana shu islohotlar samarasi o‘laroq, Renessans ta’lim universiteti xalqaro tajriba, zamonaviy metodlar va raqamli imkoniyatlarni ta’lim jarayoniga izchil integratsiya etmoqda. Natijalar esa quvonarli. Hozirda universitet talabalari akademik mobillik dasturi doirasida Xitoyda bo‘lib turibdi.

Kecha Chong Chu xavfsizlik texnologiyalari kasb-hunar institutida o‘quv kurslarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori professor Chen Lunfey, Ilmiy tadqiqotlar va ijtimoiy rivojlanish boshqarmasi rahbari Li Chun mamlakatimizda ta’limga berilayotgan e’tibor, sohadagi islohotlar, Renessans ta’lim universitetining zamonaviy talablardan kelib chiqib rivojlanayotgani va xalqaro hamkorlikdagi faolligini yuqori baholadi.

Tadbir davomida universitet vakillari so‘zga chiqib, Xitoy xalqining mehmondo‘stligi, urf-odatlari, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik natijalari va istiqbollari haqida fikr bildirishdi hamda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Ochilish marosimidan so‘ng tabiiy ofatlar — yer silkinishi, toshqin, chaqmoq va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish tamoyillariga bag‘ishlangan ilk nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. E’tiborga molik jihat — Xitoylik talabalar o‘zlashtirgan bilimlarini amaliy ko‘rinishda namoyish etib, bizning talabalar bilan o‘zaro tajriba almashishdi. Bu jarayon yoshlar uchun katta ruhiy turtki bo‘ldi.

Xitoyning ushbu oliygohi hozirda dunyoning 300 dan ortiq tashkiloti bilan mazkur yo‘nalishda o‘quv dasturlarini amalga oshirib keladi. Akademik almashinuv esa ikki xalqni yaqinlashtiruvchi, talaba va professor-o‘qituvchilarni birlashtiruvchi do‘stlik ko‘prigiga aylangan.

M.Hojiakbarova, O‘zA