Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limdagi islohotlar samarasi
17:34 / 2024-01-15

FOTOREPORTAJ

Yurtimizda yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Fikrimizning isboti sifatida yaqinda o‘z poyoniga yetgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ko‘plab talaba-yoshlar va maktab o‘quvchilarining xalqaro miqyosdagi nufuzli tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritganini keltirish mumkin. 

Ilm-fan yo‘nalishida o‘z yutug‘i bilan ota-onasi va ustozlarining ishonchini qozongan iqtidorli yoshlar safida Qo‘qon davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetining to‘rtinchi bosqich talabasi, Bag‘dod tumanining “Xitoy” MFY hududida voyaga yetgan yosh matematik Dilnavoz Soliyeva ham bor. U O‘rta Osiyoda faoliyat olib borayotgan 40 dan ortiq OTMlarning 200 nafardan ziyod talabasi ishtirok etgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Xalqaro olimpiadada sovrindor bo‘lishimda, eng avvalo, meni ilm olishga yo‘naltirgan ota-onamning, qolaversa, barcha ustozlarimning hissasi beqiyosdir, - deydi Dilnavoz Soliyeva. – Taqdir menga o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ustozlarni yo‘liqtirgani uchun minnatdorman.

[gallery-15491]

O‘g‘il-qizlarning har qanday yutug‘i ota-onaning cheksiz xursandchiligi, quvonchiga sabab bo‘ladi.

– Turmush o‘rtog‘im Muazzamxon bilan hamjihatlikda 4 nafar farzandni voyaga yetkazyapmiz, - deydi Dilnavozning otasi Azizbek Po‘latov. – Ularning bilim olishga va kitob o‘qishga ishtiyoqini oshirish uchun oilaviy tanlovlar o‘tkazib turamiz, “Bilimlar bellashuvi”dagi ishtirokini rag‘batlantirib boramiz. Shu bois farzandlarimizning ilm-fandagi kamolini ko‘ryapmiz. Dilnavozdan keyingi farzandimiz Sarvinoz ham Farg‘ona davlat universitetida davlat granti asosida ta’lim olyapti. A’loxon, Fotimabibilar ham maktabda a’lo baholarga o‘qib, opasi singari turli fanlardan “Bilimlar bellashuvi” va olimpiadalarda qatnashish asnosida o‘z bilim va salohiyatini boyitib bormoqda. 

Har bir sohada erishilgan muvaffaqiyat yangi marralarga yo‘l ochadi. Bu borada Xalqaro olimpiadaning bronza medalini qo‘lga kiritgan Dilnavoz Soliyevaning rejalari ham e’tirofga loyiq. U o‘ziga berilgan imtiyozdan foydalangan holda o‘qishni magistratura bosqichida ham davom ettirib, pedagoglik mahoratini yanada oshirmoqchi. 

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA