Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limdagi islohotlar o‘z samarasini bera boshladi
09:48 / 2025-04-11

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ko‘p gapirilmoqda. Ammo natijalarchi? Tizimda tatbiq etilayotgan loyihalar qanchalik o‘zini oqlayapti? Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida bu savollarga javob izlab ko‘rdik.

Keyingi yillarda maktabgacha yoshdagi bolajonlarni bog‘chalarga qamrab olish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida nafaqat tuman markaziga yaqin hududlarda, balki olis qishloqlarda ham zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilmoqda. Albatta hamma mahallada ham bir necha yilda bunday imkoniyatlarni tashkil qilish imkonsiz. Jarayon bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Bog‘cha ta’limidan bebahra qolayotgan mahallalarda esa “Aqlvoy” nomli ko‘chma mobil bog‘chalar faoliyati tashkil etilmoqdaki, bog‘cha qurilgunga qadar bolajonlarga ta’lim-tarbiya berish ko‘zda tutilgan. 

Masalan, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Yakkadaraxt va Mevazor mahallalarida ham maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q. Shu sababli hududga yaqin joylashgan 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga yaqindagina taqdim etilgan “Aqlvoy” mobil bog‘chasi ushbu mahallalarga xizmat qilishi yo‘lga qo‘yildi.

“Aqlvoy” avtobusi qishloqdagi bolajonlarni uyma-uy yurib mindirib kelgach, 82-maktab hovlisining bir burchagida bolajonlarga mos jihozlangan ayvonli maydoncha yonida to‘xtaydi. 30 nafar bolajon ikki nafar tarbiyachi ko‘magida yarim kun davomida vaqtlarini maroqli o‘tkazadi, ta’lim-tarbiya oladi. 

Eng muhimi ushbu mobil bog‘chada mahalladagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari tanlab olinib, bepul xizmat ko‘rsatilmoqda. 

– To‘rt nafar farzandim bor, – deydi Yakkadaraxt mahallasida yashovchi Maftuna Tilovmurodova. – Ularning ikki nafari bog‘cha yoshida. Qolganlari maktabga boradi. Ammo bog‘cha bizga uzoq. Qatnashga imkonimiz yo‘q. Bu kabi mobil bog‘chaning tashkil qilingani men kabi onalar uchun ayni muddao bo‘ldi. Endi bizning farzandlarimiz ham sifatli ta’lim oladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yakkadaraxt mahallasida 270 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar mavjud. Mevazorda mahallasida ham taxminan shuncha. “Aqlvoy” avtobuslari orqali ularning 60 nafarini maktabgacha ta’limga qamrashga erishildi. 

[gallery-22751]

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘rinbosari Davron Tojiyevning ta’kidlashicha, viloyat bo‘yicha mana shunday “Aqlvoy” avtobuslaridan 6 tasi hozirgi kunda 12 ta bog‘chasi yo‘q olis hududlarga biriktirilgan va ularga 500 nafarga yaqin bola qamrab olingan. 

Keyingi manzil tumandagi Tinchlik mahallasida joylashgan 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu bog‘cha 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u yerda bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Biz borgan kuni tarbiya muassasasida “Atlas sayli” o‘tkazilayotgan ekan.

Milliylikni keng targ‘ib qilishga, an’analarimizni asrashga, o‘zbek xalqining keng tarixi, ulkan ijodi, o‘lmas qadriyatlarini tarbiyalanuvchilarning ongiga singdirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda iqtidorli bolajonlar ishtirokida “Oq terakmi-ko‘k terak”, “Kim oladiyo shuginaniyo”,  “Oq to‘lporim”, “Hakkala-dukkala” kabi milliy o‘yinlar musiqa sadolari ostida mohirona namoyish etildi. 

Tadbir doirasida “Yil tarbiyachisi” tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari ham taqdirlandi. 

Shundan so‘ng tumandagi YATT Ismatillayeva Oysara Ergashevnaga qarashli 50 o‘ringa mo‘ljallangan davlat sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishildi. O‘z faoliyatini 2022 yilda boshlagan mazkur bog‘cha qisqa fursatda aholining e’tiborini qozondi. Boisi tashkilot ta’sischisi Oysara Ismatillayeva uzoq yillar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi bo‘lib ishlagan. Uning tashabbusi natijasida 17 ta ish o‘rni yaratilgan. 

Bog‘chada 6 nafar kam daromadli oila farzandlari bepul tarbiyalanib kelmoqda. Mental arifmetika, xorijiy tillar, shaxmat, musiqa to‘garaklari keng targ‘ib etilgan. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning ruhan sog‘lom, ma’nan baquvvat bo‘lib o‘sishi uchun oliy toifali pedagoglar tomonidan bolalar uchun massajlar, defektolog xizmatlari mavjud. Yoz oylariga mo‘ljallangan tashqi basseyn, o‘yin maydonchalari ham jajji kichkintoylar ixtiyorida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘uzor tumanida 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 72 foizni tashkil qilmoqda. Yil oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni 80 foizga ko‘tarish mo‘ljallangan. Umumiy hisobda ayni kunga qadar tumanda 210 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari