So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, sifatli ta’lim orqali raqobatbardosh avlodni voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim tizimida pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda.
Bunday ijobiy natijalarni Navoiy shahridagi 11-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda maktabda 2014 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ta’lim jarayoniga jalb etilgan 178 nafar pedagog xodimning 93 foizi yuqori malakali bo‘lib, bu davlat tomonidan pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, malaka oshirish va attestatsiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar samarasidir.
Ta’lim dargohida o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning kasbiy o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Hozirda maktabda davlat mukofotlari, sohaviy ko‘krak nishonlari sohiblari, shuningdek, milliy va xalqaro sertifikatlarga ega 95 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Jumladan, o‘qituvchilarning 4 nafari davlat mukofoti sovrindori, 3 nafari “Xalq ta’limi fidoyisi”, 35 nafari “Xalq ta’limi a’lochisi” sanaladi. Shuningdek, ular orasida MDH va xalqaro darajada e’tirof etilgan ko‘krak nishonlari sohiblari ham bor. Xalqaro standartlar asosida o‘tkazilgan attestatsiya natijalariga ko‘ra, 18 nafar pedagogga 70 foiz miqdorida ustama haq belgilandi, shuningdek, 4 nafar o‘qituvchiga Vazir jamg‘armasi hisobidan oylik rag‘bat puli tayinlandi.
– Ta’lim tizimidagi islohotlarning eng muhim natijasi, albatta, o‘quvchilar yutuqlarida namoyon bo‘lmoqda, – deydi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mo‘’tabar Po‘latova. – 2024-2025 o‘quv yilida maktabni bitirgan 11-sinf o‘quvchilarining 95,3 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha maktabimiz shahar miqyosida TOP-10 maktab orasida 1-o‘rinni egalladi. Iqtidorli o‘quvchilarimiz fan olimpiadalarining shahar, viloyat, respublika va xalqaro bosqichlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Kimyo, biologiya, matematika fanlari bo‘yicha qo‘lga kiritilgan oltin, kumush va bronza medallari buning yorqin isbotidir. Shuningdek, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida qo‘lga kiritilgan g‘alaba, Prezident maktabiga qabul qilingan o‘quvchilar hamda xalqaro ta’lim safarlari ta’lim sohasida yaratilgan keng imkoniyatlar samarasidir.
[gallery-27574]
Albatta, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijasini bermoqda. Bu kabi erishilayotgan yuksak natijalar esa tizimli islohotlar, fidoyi ustozlar va intilishga to‘la yoshlar hamjihatligining mevasidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA