Bugun Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida to‘lqinlanib so‘zlamaslikning iloji yo‘q.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida bir qator vazifalar belgilab olingan. Ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Kontsepsiyasi sohadagi yangi islohotlarni amalga oshirish uchun dasturulamal bo‘lib kelmoqda. Guliston davlat pedagogika institutida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Institutda yetuk, malakali kadrlar va professor-o‘qituvchilar yoshlarga ta’lim berishadi. Professor-o‘qituvchilar soni 133 ta, ilmiy salohiyat egalari 35 % ni tashkil etadi. Institutda ta’lim olayotgan doktorantlar soni 25 ta, mustaqil izlanuvchilar soni 25 ta, magistrlar soni 125 ta, talabalar soni 5173 tani tashkil etadi. Bakalavriat ta’limiga 19 ta yo‘nalishda, magistratura yo‘nalishiga 10 ta yo‘nalishda talabalar qabul qilinadi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida 50 dan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz amaliy bilim va ko‘nikmalarini o‘rtoqlashish uchun bo‘lib qaytdilar. Ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga va ilmiy sohada maqolalar va darsliklarni hammualliflikda nashr etishga kelishib olishdi.

Talabalar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida turli seminar-trening va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 10 martdagi 149-sonli qarori yuzasidan institutda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va bilimga chanqoq yoshlar uchun teng sharoit yaratish mavzusida ochiq va samimiy muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Kitobga mehr, bilimga intilish va yuksak maqsad sari harakatga undaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi yakuniga yetdi. Qilingan mehnatlar esa o‘z samarasini berdi – institutimiz talabasi yuqori natija qayd etib, faxrli o‘rinlarni egalladi. Faxr bilan ta’kidlaymizki, Guliston davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich 13–23 MT guruhi talabasi Murodova Shahnozabonu Abdurahmon qizi tanlovning 15–19 yosh toifasida ishtirok etib, yurt miqyosida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Ushbu yutuq Guliston davlat pedagogika institutining yosh mutolaachilari uchun ilhom manbai bo‘ldi desak adashmaymiz.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 8 avgustdagi “Yoshlar akademiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi 349-son buyrug‘ining 2.1-bandi ijrosi yuzasidan Guliston davlat pedagogika institutida Yoshlar akademiyasi liderlari tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev doimo shunday ta’kidlaydilar: “Harakat qilgan inson albatta yaxshi natijaga erishadi”. Shunga amal qilgan holda talabalarimiz bir qancha yutuqlarga erishib kelmoqda. Sirdaryo viloyatidagi uchta oliy ta’lim muassasasi orasidan aynan Guliston davlat pedagogika instituti talabasi Sirdaryo viloyati Yoshlar Akademiyasi hududiy lideri etib saylandi! Ushbu sharafli maqomga institutimizning 1-bosqich magistranti Doniyor Erbutayev loyiq deb topildi. Bu yutuq – Guliston davlat pedagogika institutining ilmiy saviyasi, ta’lim sifati va talabalarining faolligi yuqori darajada ekanining isboti! Institutimiz nafaqat mustahkam bilim, balki tashabbuskorlik va yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirishga ham katta e’tibor qaratadi. Ilm va fidoyilikni ustuvor qo‘ygan talabalarimiz bugun jamiyatning turli jabhalarida ilg‘or natijalarga erishmoqda.

Yangi O‘zbekistonda kundan-kun yangilanish va o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Eng avvalo, yurtboshimiz va davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlarni aytib o‘tishimiz lozim. Guliston davlat pedagogika institutida talabalarning chuqur bilim olishlari uchun zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan yangi 1000 o‘rinli bino qurildi. Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Institutimizda talabalar uchun barcha qulayliklarga ega 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi 2-talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Viloyatimiz hokimi boshlab bergan “Kitob ulashib, ma’rifat tarqatib” ezgu tashabbusini davom ettirgan holda Guliston davlat pedagogika instituti barcha rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari o‘zlari ta’lim olgan maktablarga borib kitob sovg‘a qildilar. Ushbu xayrli ish yosh avlodning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, ularni ilm olishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Milliy liboslar xalqimizning boy tarixi, madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi bebaho merosdir. Ularning har bir naqshi va ranglarida chuqur ma’no mujassamdir. Guliston davlat pedagogika institutida milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan yondashilib, ularni targ‘ib etish va yoshlar orasida keng yoyish muhim ahamiyat kasb etadi. Institutda haftaning har juma va shanba kunlari milliy qadriyatlarimizni yoshlar orasida keng yoyish va ularni targ‘ib qilish maqsadida “Milliy liboslar” kuni bo‘lib, bu kunda barcha talabalar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar milliy liboslarda kelib, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga hurmat va ehtirom bilan faoliyatlarini davom ettirishadi. Milliy libos – bu shunchaki kiyim emas, balki bu bizning kimligimizni ko‘rsatib beruvchi milliylik belgisidir. Uni asrash, uni sevish – bu Vatanga bo‘lgan hurmat ifodasidir. Milliy liboslarimizni faxr bilan kiyib, yosh avlodlarga avaylab-asrab yetkazib berish vazifamizdir.

Guliston davlat pedagogika institutida “Tadqiqot ishlarini yozish va nashr etish talablari” mavzusida seminar-treninglar ham o‘tkaziladi. Ulardan biri xorijiy ekspert Seyed Mohamed Buhary Mohamed Arshad ishtirokidagi zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida xalqaro ma’lumotlar bazalarining o‘rni va ilmiy ekspertiza tizimining ahamiyati haqidagi seminar-treningdir. Ilmiy-texnik adabiyotlar bilan ishlash va ilmiy tadqiqot natijalarini xalqaro (Scopus, Web of science) bazalaridagi nashrlarga tayyorlash bo‘yicha zarur bo‘lgan metodik yondashuv hamda ko‘nikmalar haqidagi bunday seminar-treninglar ko‘plab tashkil etib kelinmoqda.

Sport nafaqat insonning jismoniy salomatligini mustahkamlashga yordam beradi, balki tirishqoqlik, sabr-toqat, yetakchilik fazilatlari, qat’iyatlilik, muloqot qobiliyatlari va jamoa ruhini tarbiyalashga imkon beradi. Shu bois mamlakatimizda aholi va ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Institutimizda sportga bo‘lgan e’tibor doimiy ravishda oshib bormoqda.

Talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida o‘tkazilayotgan “Rektor kubogi”, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Olimpiada doirasida futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika va stritbol sport turlari bo‘yicha ommaviy musobaqalar tashkil etilmoqda. Talabalar bellashuvlarda yuqori faollik ko‘rsatib, sportga bo‘lgan qiziqishlari va jismoniy tayyorgarliklarini namoyon etishmoqda.
J.Karshibayev,
Guliston davlat pedagogika instituti rektori,
Sirdaryo viloyati xalq deputatlari kengashi deputati