French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limdagi hamkorlik aloqalari yangi marralarga zamin bo‘ladi
10:09 / 2023-12-12

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xorijiy tajribalar orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ta’lim jarayonini takomillashtirish, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, universitetga xorijiy talabalarni jalb etishni kengaytirish kabi bir qancha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur ustuvor vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 45 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari va 2 ta xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Endilikda oliygoh Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli universitetlari bilan ham xalqaro aloqlarni yo‘lga qo‘yishni boshladi.  

Kuni kecha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Vuhan Sport universiteti prezidenti Lyu Vangang boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.  

Xitoy universitetlari ko‘rgazmasi doirasida tashrif buyurgan mazkur delegatsiya vakillari bilan universitet rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasining o‘qish tartibi, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, o‘qish muddatlari hamda shart-sharoitlari haqida ma’lumotlar berildi.  Tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini va xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlik Memorandumi imzolandi. Shuningdek, universitetning fakultet dekanlari va kafedra mudirlari bilan ham suhbat o‘tkazildi.  

Yakunda faxriy mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Mehmonlar rektor Mahmudjon Boltabayev hamrohligida universitetdagi mavjud sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, markazlar hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 11 dekbrdan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Innotexnopark” binosida Xitoy universitetlari ko‘rgazmasi boshlandi. Unda Xitoyning 50 ga yaqin universitetlari rektorlari hamda prorektorlari, O‘zbekiston tomondan 100 dan ortiq davlat hamda xususiy oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari va mas’ullari ishtirok etmoqda.  

 

M.Komilova, O‘zA