English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limda tarbiya nega oqsamoqda?
17:54 / 2023-09-04

Ta’lim-tarbiya so‘zi bir-biriga tabiatan mutanosiblikda butun hisoblanuvchi birlikdir. Bugungi shiddat bilan o‘sib, ildamlab ketayotgan ta’limdagi yuksalishlarni anglash uchun chuqur, teran mushohada ham darkor emasdek tuyuladi. Tan olish kerak, bugun ta’limda tarbiya negadir oqsamoqda?

Shuncha imkoniyat, shuncha sharoit yaratilgan bir paytda farzandlarimiz tarbiyasida oqsoqlanish kuzatilmoqda. Bunga kim aybdor va xatolarimiz qayerda?  

Mazkur savollarga javob topish uchun O‘zA muxbiri 32 yillik pedagogik tajribaga ega, Buxoro shahridagi 17-umumta’lim maktabi direktori Hafiza Burxonova bilan suhbatlashdi.    

– Davlat rahbari tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirildi, – deydi Hafiza Burxonova. –Ayniqsa, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘qituvchilarga ulkan imkoniyatlar yaratildi, qator imtiyozlar berildi, xizmat doirasiga kirmaydigan barcha yumushlardan ozod qilindi. Yanada ahamiyatlisi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga ikkita xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatish tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, davlat umumta’lim maktablari bilan bir qatorda nodavlat  shaklidagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat o‘zgarishlari yuz berganini ko‘rsatadi.  

Shu sohadagi faoliyatimda ta’limda ko‘plab tub burilishlarning guvohi bo‘ldim. Aksariyat hollarda faqat va faqat ta’lim darajasini zamon bilan hamnafaslikda olib borilishi, svilizatsiyaning ta’limdagi tamoyillarini shakllantirilishi bizni qiziqtirdi. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ta’lim tizimini qanday yo‘lga qo‘yilganligini o‘rgandik. Qiziqishlarimiz amaliyotga, amaliyotimiz joriy etish va to‘liq qo‘llash darajasiga yetdi. Bunda ko‘plab yutuqlar, o‘quvchi-yoshlarimizning jahon andozalaridan qolishmay borishini namoyon etgani  xursand qiladi. Ammo biroz ko‘ngil to‘lmagani, ko‘rib guvohi bo‘lganimiz, biroz chuqur mushohada qilishga, muammoni yechishda kalava uchini yo‘qotishdan  hadiksiraganimiz shuki, o‘quvchilarda tarbiyaning oqsoqlangani, ta’lim ildami soyasida qolgan milliy tarbiyamiz zaiflashib bormayaptimikin?  

Ha, albatta shunday deya olamiz, biz baralla aytganimiz hozirda tarbiya metindek mustahkamlanmagan. Chunki zamona o‘zgarib, texnika asrining shiddati tarbiya ildiziga bolta urmoqda. Bizning oldimizdagi katta muammo ham shunda. Qo‘rqadigan jihati tarbiyaning yemirilishi ko‘plab yo‘qotishlarga olib keladi. Avvalo ota-ona va farzand munosabatlari, jamiyatda ustoz sha’ni, til va qadriyatni ulug‘lash, mehr-muhabbat rishtalari, sanasak adog‘i ko‘rinmas insoniylik bilan bog‘liq kerakli odatlar jamiyatimizdan uzoqlashib bormoqda. Biz o‘z maqsadlarimiz yo‘lida yo‘qotmasligimiz kerak bo‘lgan bola tarbiyasidagi muammolarning yechimini topishda  uning asl ildizini topa olishimiz kerak. Bunda jamiyatni har qanday a’zosini o‘z rejali yo‘li bo‘lishini ta’minlashimiz kerak.  

Avvalo, maktablarda ota-ona hamkorligi, mahalla tizimi bilan birlikda ishlashni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Ilgarilari o‘quvchi va hatto o‘qituvchi uchun ham katta bir orzu, yoki xayoliy o‘y hisoblangan imkoniyatlar hozir bu soha kishilarini ozgina harakatini kutib turibdi xolos…  

Qo‘lini cho‘zish istagi bor har bir o‘quvchi yutuqlarsiz qolmayapti. Chet elda o‘qish, ular bilan birdamlikda harakatda bo‘lish har bir ilm tolibiga berildi. Zamonaviy axborot texnologiyalari kirib keldi. Ammo haligacha maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatga moyillik, birovlarga nisbatan hurmatsizlik illatlari bor.  

Xulosa qilib aytganda, qachonki ota-onalar tarbiya borasida maktab bilan maslakdosh bo‘lsa, muammolar yechimida muallimlarning o‘rni borligini to‘liq anglasagina tarbiyaviy ishlarda o‘sish bo‘ladi.  

O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.