Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish o‘quvchini fikrsiz qilib qo‘ymaydimi?
11:26 / 2025-10-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning axboroti eshitilar ekan, deputatlar sohaga oid bir qator savollar bilan vazirga murojaat qildilar.

Muhammadjon Valiyev, deputat:

— Bugungi kunda har bir sohada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, ta’lim sohasida o‘quvchilarning insho va bayonlar yozishda sun’iy intellektdan foydalanishi qay darajada samara beradi? Bu borada Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda qanday ishlar olib borilyapti?

Sherzod Shermatov, raqamli texnologiyalar vaziri:

— Albatta, sun’iy intellekt texnologiyalari ko‘magida olingan ilm bilan tabiiy ravishda o‘zi fikrlab, o‘zi o‘rganib olingan ilm farqli bo‘ladi. Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanilishining samaradorligi ilmiy jihatdan hali o‘rganilmagan. Bu masala mutaxassislar tomonidan ilmiy nuqtai nazardan o‘rganilishi kerak. Albatta, ushbu yo‘nalishda vazirlik bilan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, zamon bilan hamnafas bo‘lish, zamonaviy texnologiyalarning xavflaridan xoli bo‘lgan holda foydalanish ham kerak. 

Dildora Kamolova, deputat:

— Bugun ekologik tahdidlar xavfi oshgan bir paytda davlat sun’iy intellektni ekologik siyosatga integratsiya qilish jarayonidan chetda tura olmaydi. Umuman, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida sun’iy intellektga asoslangan qanday loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan?

Sherzod Shermatov:

— Ekologiyani asrash sohasida nafaqat sun’iy intellekt, balki raqamlashtirish yo‘nalishida bir qator loyihalarimiz mavjud. Masalan, ekologiyaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ko‘p holatlar elektron hukumatni joriy etish, davlat xizmatlarini yoki bank xizmatlarini onlayn tarzda ko‘rsatish orqali bartaraf etilmoqda. Deylik, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun transportda borish orqali atmosferaga zaharli moddalar chiqarilgan bo‘lsa, endilikda bunday harakatlarga hojat qolmadi. Bundan tashqari, qog‘oz sarfi keskin qisqartirildi. 

Shuningdek, “Yashil makon” doirasida ekilgan ko‘chatlarning qay darajada ko‘kargani, ularning tahlili, pasportizatsiyasi, kosmik vosita yoki dronlar orqali yashil hududlarning qay darajada oshib yoki ko‘payib borayotganini nazorat qilish imkoniyatlari yaratildi. 

Bundan tashqari, g‘allazorlarning tagi yoqilishi holatlari bo‘yicha alohida portal qilingani natijasida qaysi hududda, qancha maydon yoqilgani sputnik orqali aniqlanib, tahlil qilish imkoni paydo bo‘ldi. Natijada g‘alla maydonlarini yoqish holatlari o‘tgan yil bilan solishtirilganda, 30 foizdan ziyod kamayganini ko‘rish mumkin. 

Umuman, ekologiya sohasida yana bir qator qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Muhtarama Komilova, O‘zA