Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limda sifat va samaradorlikka erishish – davr talabi
16:58 / 2024-02-22

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 5 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimidagi ishlar tanqid qilingan edi. Xususan, yig‘ilishda professional ta’limda mas’ul idoralar ko‘paygani uchun rivojlanish bo‘lmayotgani, talabalar uchun oliygohlarda mustaqil ishlashga muhit yaxshi emasligi, ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmasligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov boshchiligida soha vakillari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi. 

Belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, professional va oliy ta’limda keskin o‘zgarishlar qilish, ta’lim sifatini oshirish, professional va oliy ta’lim muassasalarining ish beruvchilar bilan hamkorligini tashkil qilish choralari hamda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yig‘ilish kun tartibidan o‘rin oldi. 

Muloqot jarayonida oliy ta’limning o‘quv reja va dasturlarining maktab dasturlariga muvofiqligini maxsus ishchi guruh tuzgan holda to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Oliygohlar rektorlari, kollej va texnikumlar direktorlari oldiga har bir yo‘nalish hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ish beruvchilarning talablarini doimiy o‘rganib borish tizimini yo‘lga qo‘yish va ular bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. 

Ta’kidlanishicha, 2024/2025-o‘quv yilida malaka talablari yirik ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi va 4 mingga yaqin fan bo‘yicha dasturlar TOP-300 talikka kirgan xorijiy universitetlarning dasturlari asosida qayta ko‘riladi. 

– Ta’limda sifat va samaradorlikka erishish – davr talabi, – deydi Qo‘ng‘iratboy Sharipov. – Ammo bu borada hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Joriy yilda ta’lim sifatini oshirish orqali tizimni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan. Sohada islohotlarni jadallashtirish lozim. 

Yig‘ilish davomida davlat oliy ta’lim muassasalarida umumiy hisobda 630,1 ming nusxadagi o‘quv adabiyotlar yetishmasligi ko‘rsatilib, mas’ullarga aniq va fundamental fanlar bo‘yicha zamonaviy darsliklar tayyorlash choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi. Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha jiddiy tahlillar o‘tkazish aytib o‘tildi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA