French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limda psixologik farovonlik — barqaror taraqqiyot omili
16:10 / 2026-02-07

Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamkorligida “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” shiori ostida ta’lim tashkilotlari psixologlari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminar avvalida ta’kidlanganidek, bugungi kunda ta’lim tizimida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, o‘quvchilar, pedagoglar va ota-onalarni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur seminar ham aynan shu maqsadga qaratildi.

Seminar doirasida “Proyektiv metodikalar va ularni qo‘llash amaliyoti (Lui Dyuss testi)” mavzusida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarga ushbu metodikaning ta’lim jarayonidagi ahamiyati, o‘quvchilarning ichki kechinmalarini aniqlashdagi samaradorligi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

- Tadbir davomida hududlarda faoliyat olib borayotgan psixologlar, professor-o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashib, ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qildi, - deydi Navoiy shahridagi 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti psixologi Munira Shodmonova. 

- Shuningdek, tadbirimizda ta’lim muassasalarida bulling holatlarining oldini olish, suitsid xavfini kamaytirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi profilaktik ishlar olib borish, pedagog kadrlar orasida zo‘ravonlikka moyillikni barvaqt aniqlash va ularga psixologik yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Seminarda interaktiv usullar, simulyator va keyslar orqali o‘qituvchilarning kasbiy so‘nishning oldini olish, stressga bardoshlilikni oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA