O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta hayajon bilan tingladik.
Prezidentimiz Murojaatnomada “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”ligini ta’kidladi.
Zero, navqiron avlodga barcha davrlarda katta umid bilan qaralgan, yurtning kelajakdagi farovonligi hamda ravnaqi aynan yoshlarning salohiyati, bilimi, g‘ayrat-shijoatiga bog‘liq.
Yoshlar masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining ilk qadamlaridanoq jamiyatimizdagi ulkan islohotlarning bosh mavzularidan biriga aylandi. Xususan, yurtimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib so‘zlagan nutqida ham ushbu masalaga alohida urg‘u bergan edi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.
Qisqa davr ichida ta’lim sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, ta’lim dargohlari sonining ortganligi, bilim olish imkoniyatlarining oldingisi bilan qiyoslab bo‘lmas darajada kengayganligi va yana boshqa ko‘plab chora-tadbirlar ana shu vazifani ado etish borasidagi amaliy harakatlarning yorqin isbotidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarga berilgan e’tibor mazkur sohada boshlangan harakatlar rivoji yangi – yuqori bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir.
“Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz”, – deya ta’kidlanadi murojaatnomada.
Prezidentimiz yetuk, komil avlodga katta umid bildirar ekan, ayni paytda bu boradagi kamchiliklarga ham to‘xtaldi. “bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik – bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilmoqda”, dedi prezident.
Taassufki, ushbu haqiqatni inkor etib bo‘lmaydi. Bu esa biz – ta’lim beruvchilar zimmasiga katta talab va mas’uliyat yuklaydi: bilim yetishmasligi sabablarini izlash, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, qanday bilim va ko‘nikmaga ehtiyoj zarurligini belgilab olish, o‘qitishda qanday muammolar bor – shularni aniqlash zarur. Qayerda xatoga yo‘l qo‘yilmoqda? Zaif jabhalardan biri, bizningcha, nazariy hamda amaliy bilimlar o‘rtasidagi uzilishdadir.
Zamonaviy dunyoda ta’lim oldiga qo‘yiladigan talablar o‘zgargan, shunchaki, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash va ularning son ko‘rsatkichi bilan kifoyalanish yetarli emasligi hech kimga sir emas. Ta’lim bilan ishlab chiqarish jarayoni o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik bo‘lishi, talaba uchun OTMda olgan bilimlari amaliyotda asosiy poydevor bo‘lishi va bu bilimlarsiz yetuk mutaxassis bo‘la olmasligi oddiy qoidaga, zarur ehtiyojga aylanishi lozim.
Bu o‘rinda oliy ta’lim tizimida, xususan, til o‘qitish sohasida jiddiy islohotlarga ehtiyoj katta. Zero, til barcha bilimlarni o‘zlashtirish va uni yetkazib berishning yagona vositasidir. Shuni ta’kidlash joizki, avvalgi til o‘qitish hamda talabalarning til bilimlariga qo‘yiladigan talab va mezonlar hozirgi talabalar ehtiyojlaridan va ular oldiga qo‘yilayotgan talablardan tamomila farq qiladi. Talabalarni o‘quv jarayoniga jalb qilish, ularda yuksak motivatsiyani uyg‘otish hozirgi kunda umuman boshqa yondashuvni talab qilmoqda. Aksariyat talabalarda tezroq diplomni qo‘lga kiritish va biror moliyaviy barqaror manbaga ega bo‘lish istagi yetakchilik qilayotgani achinarli hol. Lekin buni faqat hozirgi avlod qadriyatlarining o‘zgarishi bilan bog‘lash ham uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida masalaning moddiy tomoniga e’tibor ortishi tabiiy. Bizningcha, buning asosiy sababi yana o‘sha ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilishdadir.
Masalan, oliy ta’lim tizimida davlat tilini o‘qitish masalasi hozirgi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz tomonidan bu borada olib borilayotgan oqilona siyosat va sa’y-harakatlarni e’tirof etish lozim. Chunonchi, davlat muassasalarida ish yuritishni o‘zbek tilida olib borilishi borasidagi talablarning kuchaytirilishi, o‘zbek tili va adabiyoti targ‘iboti ortganligi, barcha oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyoti kafedralarining tashkil etilishi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning rasman bayram sifatida nishonlanishi, internet sohasida o‘zbek tilini keng tatbiq qilinishi kabi chora-tadbirlar tahsinga sazovordir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zlagani esa mislsiz tarixiy hodisa, katta ibrat bo‘ldi. Ana shu imkoniyatlardan foydalangan holda, ayni paytda, zimmaga yuklatilgan mas’uliyatni his qilib, til ta’limi samaradorligini oshirish ustida jiddiy bosh qotirish lozim, chunki tajriba talabaga mavjud dasturlar asosida berilgan til bilimlari amaliyotda kerak emasligini, boshqa bilimlarga zarurat ko‘proq ekanligini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, xorijiy tillarni bosqichli hamda akademik o‘qitish tajribalaridan o‘rganib va ulardan ijodiy foydalanib, til ta’limi va ishlab chiqarish o‘rtasida bog‘liqlik vujudga keltirish va soha mutaxassislaridan til amaliyotida qanday til bilimlari zarurligi haqida ma’lumotga ega bo‘lish, o‘quv dasturlarini mutlaqo yangicha yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqish, yangi o‘quv fanlari joriy etish zarur. Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi yozma va og‘zaki savodxonlikka ega bo‘lish, fikrini usluban to‘g‘ri ifodalay olish, bir nechta tilda erkin muloqot qila bilishi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha manbalarni o‘zbek, ingliz, rus tillarida mutolaa qilib, tahliliy xulosalar bera olish, sohaga oid hujjat va xizmat xatlarini benuqson rasmiylashtira olish kabi ko‘nikmalarni faqat bo‘lg‘usi kasbiy faoliyatida emas, balki aynan ta’lim jarayonida egallashi lozim. U amaliyotga ana shu bilim va ko‘nikmalar bilan qurollangan holda kelganidagina ta’lim o‘z maqsadiga erishadi.
Muhimi, barcha sohalar kabi til ta’limi davr talabi hamda ehtiyojlariga nisbatan sezgir va moslashuvchan bo‘lishi lozim. Ayni paytda, amaliyot yosh mutaxassis oldiga shunday sinovlar qo‘yishi kerakki, u oliy o‘quv yurtidagi til, xususan, davlat tili bilimlarisiz uzoqqa keta olmasligini his qilsin.
Prezidentimizning Murojaatnomasida shunday jumlalarni o‘qiymiz: “Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim”.
Oliy ta’limda olgan bilim va ko‘nikmalari talabaning kelgusida jamiyat rivoji va taraqqiyotiga quyoshdek beminnat xizmat qilish uchun non va suvdek zaruratga aylansin.
Shoira Normatova,
Mehribon Abdurahmonova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘zbek va rus tillari kafedrasi o‘qituvchilari