Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limda Koreya bilan hamkorlik rivojlanmoqda
11:18 / 2026-02-11

Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyevning O‘zbekistondagi Koreya ta’lim markazi direktori o‘rinbosari Lee Eunkyu hamda Janubiy Koreyaning sun’iy intellekt sohasida ta’lim berishga ixtisoslashgan ENOZ ta’lim muassasasi direktori Park Chang Hong bilan uchrashuvida ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, innovatsion ta’lim modellarini joriy etish hamda zamonaviy kadrlar tayyorlash masalalari haqida so‘z bordi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik yil sayin izchil va tizimli ravishda kengayib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, so‘nggi bir yil mobaynida Buxoro viloyatida koreys tili o‘qitilayotgan maktablar soni 2 tadan 22 taga yetgani mazkur hamkorlikning amaliy, samarali va barqaror natijasi ekani qayd etildi. Bu esa hududda xorijiy tillarga, ayniqsa, koreys tiliga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borayotganini  namoyon etadi.

Maktablar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil kelgusi o‘quv yilidan boshlab koreys tilini ikkinchi xorijiy til sifatida hamda to‘garaklar orqali o‘rganayotgan o‘quvchilar soni kamida ikki barobarga oshishini ko‘rsatmoqda.

Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda uchrashuvda qator muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Jumladan, Buxoro shahrida Koreya ta’lim markazi filialini tashkil etish, Buxoro davlat pedagogika institutida koreys tili bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlash yo‘nalishini (alohida fakultet) ochish, koreys tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, maktablarga Janubiy Koreyadan jalb etilayotgan pedagoglar sonini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tomonlar o‘rtasida qator amaliy kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, bolalar bog‘chalarida Koreya ta’lim dasturlari asosida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, erta yoshdan til va intellektual rivojlanishga qaratilgan innovatsion dasturlarni tatbiq etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

ENOZ ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda joriy yilda Buxoro shahridagi 42-sonli umumta’lim maktabida tatbiq etilgan sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan yangi o‘quv modelini viloyat miqyosida keng joriy etish masalasi ham kun tartibining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ushbu innovatsion ta’lim modeli o‘quvchilarda raqamli savodxonlik, algoritmik fikrlash, texnologik kompetensiyalar hamda zamonaviy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning aprel oyidan boshlab mazkur innovatsion loyiha Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

– O‘quvchilarimiz koreys tilini katta qiziqish bilan o‘rganyapti, ularda xorijiy madaniyat, texnologiyalar va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda, – deydi Buxoro shahridagi 42-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Halima Nurullayeva.–Ayniqsa, ENOZ ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda joriy etilgan sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan o‘quv modeli ta’lim jarayoniga yangi sifat olib kirdi. Bolalar faqat nazariy bilim olish bilan cheklanib qolmayapti, balki amaliy ko‘nikmalar, raqamli fikrlash va innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirmoqda.

Umuman olganda, mazkur hamkorlik Buxoro viloyat ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, innovatsion ta’lim modellarini tatbiq qilish hamda raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yosh kadrlarni tayyorlash yo‘lida muhim rol o‘ynamoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri