“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda “Tolimarjon IES” AJda Ispaniyaning Intecsa Ingeniera Industrial S.A. va Yaponiyaning Mitsubishi Corporation xorijiy kompaniyalari bilan 1065 MVt quvvatga ega navbatdagi bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolangan. Shunga ko‘ra, bugun mazkur energobloklarning qurilishiga rasman start berildi.
Tantanali marosimda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ rahbariyati, soha xodimlari, xorijlik hamkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz energo tizimida olib borilayotgan islohotlar avvalo xalq manfaatini ko‘zlab, ularning elektr-energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini, mazkur energoblokning qurilishi ham bu borada tashlangan muhim qadamlardan biri ekanini qayd etdi.
[gallery-12875]
Ta’kidlandiki, 2025 yil yakuniga qadar stansiyada umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi. Loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning Intecsa Ingeniera Industrial S.A. va Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyalari Konsorsiumi qatnashmoqda. Loyihaning umumiy quvvati 771,8 million dollarga teng.
Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini va yana ko‘plab aholi punktlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 520 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Yana bir e’tiborli jihati, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamayadi hamda 112 yangi ish o‘rni yaratiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.