Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim yurt taraqqiyoti ko‘zgusi
12:36 / 2021-10-30

O‘zbekistonda muhim siyosiy voqea – Prezident saylovi o‘tkazildi. Saylov jarayonlarining haqqoniyligiga baho berish maqsadida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan ham kuzatuvchilar tashrif buyurdi. Bir nechta davlatlardan taklif etilgan xorijiy delegatsiyalar jarayonlarni bevosita kuzatish bilan bir qatorda, yurtimizning qadimiy shaharlari, shuningdek ta’lim muassasalariga ham tashrif buyurishdi.

Mazkur ta’lim maskanlari qatorida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar ham bor. Jumladan, bir nechta xorijiy davlat delegatsiyalari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi hamda Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurishdi.  

Xususan, rossiyalik tarixchi va siyosatshunos, MDH davlatlarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlari bo‘yicha ekspert Aleksey Vlasov Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida bo‘lib, maktab hayoti bilan tanishdi.

Mehmonlarga maktab loyihasi, yaratilgan shart-sharoitlar hamda o‘quvchilar tomonidan qo‘lga kirilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Uchrashuv doirasida, shuningdek o‘quvchilar o‘zlarining mualliflik loyihalari, jumladan virtual reallik va onlayn musobaqalar platformasi haqida taqdimot qilishdi. Mazkur delegatsiya Prezident maktabida ham bo‘lib, o‘quvchilar bilan suhbatlashishdi, telekanallar uchun intervyular olishdi.  

Yana bir delegatsiya Avstriyadan tashrif buyurdi. Avstriyadagi ayollarning Yevropa Ittifoqi qoshidagi Avstriya xalqaro siyosat komissiyasi prezidenti Martina Fasslabend Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida bo‘lib, maktab faoliyati va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xuddi shunday, Inson huquqlari bo‘yicha Malayziya komissiyasining bola huquqlari komissari Noor Aziah Mohd Aval  hamda O‘zbekistondagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovalar ham Muhammad al-Xorazmiy maktabida bo‘lib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi va ular tomonidan yaratilgan loyiha va ishlarni ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, onlayn video darsliklar uchun mo‘ljallangan platforma, maxsus eshitish uchun yordamchi qurilmalar bilan tanishdilar.

Shuningdek, Malayziyadagi "TV ALHIJRAH" telekanali muxbiri Adi Akmal bin Sehrom Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy  ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyati va shart- sharoitlarini tasvirga olishdi. Mazkur maktab faoliyatiga xalqaro telekanallar tomonidan ham qiziqish bildirilishi olib borilayotgan ishlarning samarasidan darak beradi.

Birlashgan Arab Amirliklari Federal Milliy Kengashining parlamentlararo aloqalar bo‘yicha kotibi o‘rinbosari, O‘zbekiston-BAA parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi hamraisi Nidal Muhammed bin Shirbak al Basti boshchiligidagi delegatsiya esa Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabidagi robotexnika xonalari va o‘quvchilarning mualliflik loyihalari bilan tanishishdi. O‘zbekistondagi ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni hamda yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etishdi.

Bundan tashqari, Germaniyaning "Mangol Consulting" kompaniyasi rahbari Klaus Mangold Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabidagi maxsus sinf xonalari hamda yaratilgan qulayliklar bilan tanishishdib o‘quvchilar bilan suhbatlashdi, ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlarni o‘qitish va moslashtirilgan ta’lim bo‘yicha Fransiya Oliy Milliy ta’lim va tadqiqot instituti direktori Jak Mikulovich Prezident ta’lim muassasalari agentligida bo‘lib, o‘zaro hamkorlik aloqalari borasida fikr almashdi. Uchrashuvda tomonlar Agentlik tasarrufidagi maktablarda inklyuziv ta’lim sohasi,  xususan bu sohadagi o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish istiqbollarini muhokama qilishdi.

24  oktyabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida kelgan delegatlarning  tashrif doirasida  yurtimizdagi maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishishi, ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar haqida kengroq ma’lumot va tasavvurga ega bo‘lishi bu o‘z navbatida O‘zbekistonning xalqaro dunyodagi imidjini oshishiga va e’tirof etilishiga hissa qo‘shadi.

Hilola Umarova, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori