Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim yo‘nalishidagi maqsad-vazifalar soha vakillarining mas’uliyatini oshiradi
13:50 / 2022-12-21

Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatini katta qiziqish va hayajon bilan tingladik. Murojaatnomada aytilgan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan vazifa hamda ustuvor yo‘nalishlar har bir soha vakili zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Bu yilgi Murojaatnomada asosiy yo‘nalishlardagi islohotlar, dastur va vazifalar doirasida ta’lim sohasiga alohida ustuvorlik berildi. Zero, ta’lim, ilm-ma’rifatni rivojlantirmay turib, yurt taraqqiyotiga erishib bo‘lmasligi ayni haqiqatdir. Davlatimiz rahbari bu borada to‘xtalar ekan, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deya ta’kidladi.  

Murojaatnomada ta’lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta’lim berish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalari ko‘rsatib o‘tildi. Asosiy e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari ma’rifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan so‘zlarini tilga olar ekan, bu barchamizning amaliy harakatimizga aylanishi kerakligini qayd etdi.  

Darhaqiqat, ta’lim-tarbiya, ilm-fan hamma davrda ham eng muhim yo‘nalish, hal qiluvchi omil hisoblangan. Chunki taraqqiyotga erishish, zamon bilan hamnafas rivojlanish, barcha sohalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishda ta’lim hamda ilm-fanga tayaniladi.  

Shu bilan birga, bugungi kunda eng rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish, ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirish va rivojlantirishda xorijiy tillarni bilish, axborot texnologiyalarini o‘rganish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada Prezidentimiz jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta o‘rganib chiqsa, jamiyatimizda katta o‘zgarishlar bo‘lishini qayd etdi.  

Bu borada, albatta, muallimlar, o‘qituvchilarning zimmasiga katta mas’uliyat hamda vazifa yuklanadi. Nafaqat maktablar, balki oliy ta’lim muassasalarida ham xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish va amaliyotda keng qo‘llash imkoniyatlarini yaratish muhim hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, oliygoh professor-o‘qituvchilarining ham mas’uliyatini oshiradi. Xususan, biz oliygoh vakillari talabalarimizga xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rgatishda eng zamonaviy usul va metodlarni qo‘llashimiz, ilg‘or xorijiy tajriblarni o‘rgangan holda ularni faoliyatimizga tatbiq etishimiz lozim.  

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar qator raqamlarda ham o‘z natijasini namoyon etmoqda. Birgina oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida so‘nggi yillarda oliygohlarimiz soni 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi. O‘z navbatida, qamrov darajasi ham oshib, 9 foizdan 38 foizga ko‘tarildi. Bu esa o‘sib kelayotgan yoshlarimizning oliy ta’limga ega bo‘lish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Qolaversa, oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini oshirishni ham taqozo etayotir.  

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida ta’lim yo‘nalishida ilgari surilgan barcha maqsad-vazifa hamda yo‘nalishlar biz soha vakillariga ham keng imkoniyat yaratadi, ham mas’uliyatimizni oshiradi. Shunday ekan, ushbu dasturiy hujjat doirasida o‘z faoliyatimizni tubdan takomillashtirib borishimiz zarur. Zero, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishni oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunda ta’lim va ilm-fanning o‘rni hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.  

 

Oybek Toshmatov,  

TDYUU xorijiy tillar kafedrasi mudiri