Munosabat
Shu yil 8 sentyabr kuni davlatimiz rahbari ishtirokida ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator takliflar, tashabbuslar ilgari surilib, ta’lim-tarbiya yo‘nalishida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar taqdimot qilindi. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, pedagog Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabatini bildirdi:
— Mazkur taqdimotda ilgari surilgan g‘oya va takliflar mamlakat taraqqiyotining eng muhim omili bo‘lgan ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bugungi kunda butun dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qaysi davlat ta’limga katta e’tibor qaratsa, ertaga uning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy salohiyati shunchalik yuksak bo‘ladi. Shu ma’noda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’limga sarmoya bu kelajakka qo‘yilgan eng muhim investitsiyadir.

O‘zbekistonda oxirgi yillarda ushbu sohada bir qator ishlar amalga oshirildi. Natijada maktabgacha ta’lim muassasalari soni ortib, qamrov 78 foizga yetdi. Yuzlab yangi maktablar qurildi, mavjudlari ta’mirlandi. Pedagoglar uchun yaratilayotgan sharoitlar yaxshilandi, ularning nufuzi oshirildi.
Biroq shunga qaramasdan, hali qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina. Prezidentimizning maktabgacha ta’lim tizimida har yili kamida 20 mingta qo‘shimcha o‘rin yaratish to‘g‘risidagi topshirig‘i bu yo‘nalishdagi izchil islohotlarning davomliligidan dalolat. Ayniqsa, qamrov past bo‘lgan hududlarda xususiy sektorni jalb etish, tadbirkorlar uchun imtiyozlar joriy etish orqali ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish rejasi muhim ahamiyatga ega.
Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida yagona maqsadni ko‘zlagan milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqilgani ta’lim sohasi uchun yangi yo‘nalish hisoblanadi. Bu g‘oyaning mohiyati ma’naviy barkamol, bilimli, Vatanga sadoqatli va zamonaviy dunyoqarashga ega avlodni tarbiyalashdir.
Konsepsiyaning amaliy ahamiyati shundaki, u ta’lim va tarbiya jarayonini bir-biridan ajratmaydi. Yoshlar nafaqat bilim oladi, balki ma’naviyat, axloq va madaniyat masalalari ham ta’limning uzviy qismiga aylanadi. Bu esa yangi avlodning to‘liq shakllangan shaxs sifatida voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan “Barkamol avlod” va “Yoshlik” jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu markazlar orqali o‘quvchilar o‘z qiziqishlari va iqtidorini rivojlantirishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, maktablarda maslahatchi lavozimi joriy qilinishi – zamon talabi. Har bir bola alohida dunyo, uning qiziqishi, salohiyati turlicha. Maslahatchi o‘quvchiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, uning orzulari va maqsadlarini amalga oshirishda yordamchi bo‘ladi. Bu yoshlarning shaxsiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyat demakdir.
Prezident tomonidan ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan takliflar – bu xalqimiz kelajagi uchun ishlab chiqilgan ulkan strategiya. Infratuzilmani zamonaviylashtirish, milliy g‘oya asosida yagona maqsad belgilash, yoshlarning iqtidor va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash – barchasi yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini qurishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ta’lim – bu faqatgina bilim berish emas, balki millatning kelajakdagi taraqqiyoti, uning ruhiy va ma’naviy qudrati. Shu bois ta’lim sohasida tashlanayotgan har bir qadam ertangi kun uchun mustahkam zamin yaratadi.
Zero, ta’lim yangi O‘zbekistonning eng muhim quroli, kelajak avlodning eng katta boyligidir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA