Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va tarbiyada mas’uliyatsizlik yarashmaydi
17:41 / 2021-01-30

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Farg‘ona viloyatida "mahallabay" kesimidagi o‘rganishlarini Dang‘ara tumanidan boshladi. Bu yerdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablar faoliyati bilan tanishdi.

 Maktablarda yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati va samaradorligi, o‘qituvchilar salohiyatini yaqindan o‘rgandi.

Kichik turk qishlog‘idagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 910 nafar o‘quvchiga 80 nafar o‘qituvchi ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. Maktabda zarur bo‘lgan barcha sharoit mavjud. Biroq mutasaddilarning mas’uliyatsizligi bois ta’lim muassasasida bir qancha kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, maktab kutubxonasi fayzsiz holatda, ish tartibi esa ko‘ngildagiday emasligi sababli o‘quvchilarning kutubxonadan foydalanish samaradorligi past. Darsliklardan va badiiy adabiyotlardan foydalanish qoniqarsiz ahvolda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Maktabda kompyuter sinflari mavjud, biroq mas’ullarning befarqligi sababli informatika fanidan dars o‘tilayotgan sinfdagi kompyuterlarning bugungi holati talabga javob bermaydi. Mavjud kompyuterlarning 4 tasi yaroqsiz, qolganlari ham qisman ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Holatni yaxshilash va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazir tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Maktabning 62 nafar bitiruvchisidan atigi 5 nafari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan bo‘lib, bu umumiy bitiruvchilarning bor yo‘g‘i 8,1 foizni tashkil qilmoqda.

Mazkur masalaga Sherzod Shermatov alohida to‘xtalib, holatni tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qilib berdi. Maktabni “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tkazish yuzasidan kerakli ko‘rsatmalarini berdi.

Xalq ta’limi vaziri tumandagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, maktabning 11"B"- sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashib, ularning kelgusidagi rejalari, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlik ishlari va muassasadagi dars mashg‘ulotlarining sifati yuzasidan suhbatlashdi. Maktab rahbarlari va maktabning pedagogik jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan muloqot ham samimiy ruhda o‘tdi. Mazkur maktab bitiruvchilarining 33 foizdan ko‘prog‘i o‘tgan o‘quv yilida talabalikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan. Xalq ta’limi vaziri maktab "yashil” toifada ekanligini ta’kidlab, ushbu ko‘rsatkichga erishish sabablari, yutuqlarining omillari, fan o‘qituvchilarining sifat tarkibi bilan qiziqdi. Suhbat davomida maktabning oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muqaddamxon Temirova, oliy toifali geografiya fani o‘qituvchisi Nafisa Asqarova, 1-toifali fransuz tili fani o‘qituvchisi Gulchehra Haydarova va boshqa tajribali o‘qituvchilar bilan o‘quvchilarning oliy ta’limga qamrovini yanada oshirish, tumandagi “qizil” toifadagi umumta’lim maktablarini “sariq” va “yashil” toifadagi maktablarga aylantirish yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Xalq ta’limi vazirining hududlarda mahallabay ishlash tizimini joriy etish borasidagi o‘rganishlari davom etmoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA