Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida bugungi kunda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan eng dolzarb masalalardan biri sifatida ta’lim sohasidagi mavjud muammolar, ularni yechish bo‘yicha xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar asosida o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish, bu boradagi muammo va qo‘yilgan vazifalarni birgalikda hal etish kerakligi alohida ta’kidlandi.
“Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” deb bosh mezon sifatida belgilab olinishi ta’lim sohasida islohotlar davlat rivoji uchun nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Murojaatnomada davlatimiz rahbari ta’lim sohasida boshlangan islohotlarni davom ettirish, ta’lim dargohlariga borib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan masalalarni birgalikda hal etish kerakligini bildirib o‘tdi. Shu sababli, kelgusi yil Davlat dasturiga xalqimiz ko‘targan barcha masalalarni aniq yechimlari bilan kiritib, jarayonlarda deputat va senatorlar, mahalla vakillari, ziyolilar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillarining faol bo‘lishlarini, yangi-yangi taklif va tashabbuslar bildirishlarini ta’kidlab o‘tdi. Davlatimiz rahbari ma’rifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” degan so‘zlari deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘lishi bildirildi.
Kelgusi yildan bolalar maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarurligini, buning uchun 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi alohida qayd etildi. Prezidentimiz taklifi bilan 2023 yil yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nomlandi. Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan e’tibor, qolaversa, kelgusi yilda ham bu borada olib borilayotgan ishlar izchil davom ettirilishidan darak beradi. Jamiyatimizda insonni ulug‘lash, ilm-ma’rifat rivojiga e’tibor qaratmasdan yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori darajaga olib chiqish juda qiyin vazifadir. Axir ilm saodatga eltuvchi yo‘ldir. Ayni paytda ta’limga kiritilgan investitsiya kelajakka sarmoya kiritishdir. Bu esa xalq farovonligi, davlat xizmatida raqobatdosh kadrlarni shakllanishini ta’minlovchi omildir.
Albatta, ta’lim rivojiga alohida e’tibor berilishi ertangi davlat xizmatchilarining davr talabi darajasida shakllanishida muhim omil hisoblanadi. Chunki, maktabdagi ta’lim jarayonida olingan bilimning qay darajada yuqori bo‘lishi, shubhasiz, bilimli, salohiyatli davlat xizmatchilarining yetishib chiqishiga yordam beradi.
Hayotbek Akbarov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Andijon viloyati filiali rahbari o‘rinbosari
O‘zA