Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va tarbiya millat kelajagining ikki ustunidir
16:38 / 2025-05-22

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish, pedagoglar maqomini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada bir qator vazifalar belgilab berildi.

Pedagoglar, fan va ta’lim sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan bu galgi uchrashuv boshqalaridan mutlaqo farq qildi. Boisi, gap kelajak avlodni ilmli, ma’rifatli qilib tarbiyalash, ta’limni xalqaro andozalarga mos holda tashkil etish kabi dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar haqida edi.

– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq, – dedi, Prezidentimiz o‘z so‘zida. 

Chindan ham, bugun millat kelajagi bo‘lgan farzandlarimizning ta’lim olishi uchun qanchalik ko‘p sharoitlarni yaratsak, yillar o‘tib u o‘z mevasini berishi muqarrar.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy sohani har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatning resurs va imkoniyatlaridan mana shu sohaga ham yo‘naltirilmoqda.

Misol uchun, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda esa 1,5 millionta yangi o‘rni yaratildi.

Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti.

Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanyapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilyapti.

Bunday imkoniyatlarni yaqin o‘tmishda tasavvur qilganmidik?!

Prezidentimizning keng ko‘lamdagi islohotlarining tub negizi ilm-fan va ta’limga bog‘lanayotganini ko‘rib, barchamiz mamnun bo‘layotganimiz rost.

Masalan, Navoiy viloyatida ta’lim sohasidagi imkoniyatlarni olsak, yangi va zamonaviy maktablar qurilayotgani, eng e’tiborlisi, maktab qurilishida tadbirkorlarimizning o‘zlari tashabbuskor bo‘layotgani har birimizga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi. Bu millat ta’lim-tarbiyasi bugun umumharakatga aylanib borayotganidan dalolatdir.

Prezidentimizning yig‘ilishda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratganligi deputat sifatida meni ham mamnun qildi.

Bugun bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish hammani o‘ylantirayotgan muammo. Biz ota-onalar bilan suhbatlashganimizda “Bolalar ko‘proq gadjetlarga mukkasidan ketyapti”, degan e’tirozlarni eshitmoqdamiz.

Bolalarimiz o‘zlari tushunib-tushunmasdan ko‘proq xorij kontentlarining tomoshabiniga aylanyapti, ba’zi hollarda ularni o‘zlariga “qahramon” qilib olyapti. 

Endi Prezident qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilinadi. U mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.

Ishonamizki, milliy kontentlar yaratilgach, yoshlarimiz milliy qadriyatlarimiz ruhida kamol topadi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ham jamiyatni o‘zga madaniyatlar emas, o‘z urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizga asoslanib rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

Bir so‘z bilan aytganda, hayot-mamot masalasi bo‘lmish ta’lim va tarbiya sohasi uchun hammamiz o‘zimizni mas’ul deb bilishimiz shart. Shundagina, Prezidentimiz orzu qilayotgan ulug‘ millat farzandlarini kamolga yetkazamiz.

Akrom Muqimov, 

xalq deputatlari Navoiy viloyati 

Kengashiga O‘zMTDPdan saylangan deputat.

O‘zA