"Toshkent yoshlarni sevadi!" shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar oyligining navbatdagi haftaligi ta’lim va tadbirkorlikka bag‘ishlandi.
Haftalik doirasida o‘z shaxsiy biznesini boshlamoqchi va tajriba orttirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun taniqli tadbirkorlar tomonidan biznes treninglar tashkil etildi. Haftalikning dastlabki mashg‘ulotlarini “MyTaxi” va “Exspress24” asoschisi Akmal Payziyev hamda “Arzon Apteka”, “Nestle” kompaniyasining sobiq piar-menejeri Nigora Akilova, PDP IT-Academy asoschisi Odilbek Mirzayev boshlab berdi. 
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuvda yoshlarning taklif va g‘oyalari tinglanib, ularning yangi loyihalari bilan tanishildi.
–Otam tadbirkor bo‘lgani uchun ham kichikligimdan shu sohaga qiziqaman, –dedi Odilbek Shokirov.–Tadbirkorlikning ko‘pgina yo‘nalishlaridan xabardorman. “Ta’lim va tadbirkorlik haftaligi”ga qatnashib, ko‘plab biznes soha vakillari bilan suhbatlashdim. Ulardan yanada ko‘proq bilim va motivatsiya oldim. Yaqin kelajakda kichkina bo‘lsada shirinliklar ishlab chiqaradigan seximni ochib, o‘z biznes faoliyatimni boshlamoqchiman.
Qizg‘in suhbat va savol-javoblarga boy bo‘lgan haftalik uchrashuvlari yoshlarga yangi g‘oyalar sari shijoat bag‘ishladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA