Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va sport yuksalmoqda
14:51 / 2025-07-16

Qadimdan hayotiy tajriba va xulosa shundayki, mamlakatni, millatni ilm, ilmli avlod yuksaltiradi. Shuning uchun ham “O‘zbekiston 2030” strategiyasi va dasturida ta’lim tizimi islohotiga alohida urg‘u berilgan. Uning natijalari eng chet tuman, hatto qishloqlarda ham ko‘rinmoqda.

Dang‘ara tumanining Oltiqush mahallasida 300 ga yaqin maktab yoshidagi o‘quvchilar bo‘lsada yaqin hududda to‘laqonli maktab yo‘q edi. 100 nafar bola to‘rtta xonasi bo‘lgan eski bir binoda o‘qirdi. Ularning 200 tasi esa uch chaqirim naridagi maktabga qatnagan. Mana endi.  

– Binomiz ahvoli ayanchli holatda, pollari singan, eshiklari eski, hatto hojatxona va isitish jihozlari ham yo‘q edi, – deydi 25-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Marhabo Hasanova. – Davlatimizga rahmat, ikki qavatli zamonaviy sharoitlarga ega, quyosh panellari, issiqlik tizimlari yo‘lga qo‘yilgan maktab binosi ishga tushirildi.

Darhaqiqat, havas qilsa arzigulik bino bunyod etildi. Zamonaviy binoga zamonaviy o‘quv jihozlari keltirildi. Endi ota-onalar ham xotirjam. Shundoq yonlarida maktab bor.

Dang‘aradagi maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash jarayonida stadionlar tashkil etish ishlari ham jadal davom etyapti. Masalan, 1-o‘rta ta’lim maktabida ham ochiq, ham yopiq stadion qurildi.

– Avvallari bolalar o‘ynashi uchun o‘yingoh yo‘q edi. Bu yil “Open byudjet” dan mablag‘ yutib olindi, – deydi 1-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Jo‘rabek Xoldorov. – Bu mablag‘ga maktabimizga ochiq va yopiq futbol maydoni qurdik. Sport maydonini o‘quvchilarimiz jismonan sog‘lom bo‘lishida katta o‘rni bor.  

Gap stadion qaysi mablag‘ asosida qurilganida emas. Muhimi – maktab tasarrufida endi barcha talablarga javob beradigan zamonaviy stadion o‘quvchilar ixtiyorida ekanida. Endi, masalan stadionning futbol turi faqat jismoniy tarbiya darslarida emas, keyin ham turli ko‘rinishlarda targ‘ib qilinadi.

– Darsdan keyingi vaqtlarda o‘quvchilarga futbol bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar o‘tiladi, – deydi Jo‘rabek Xoldorov. – Murabbiylarimiz o‘quvchilarni futbol musobaqalariga tayyorlaydi. Bundan tashqari, Navbahor MFYdagi yoshlar, o‘quvchilar ham muntazam futbol bilan shug‘ullanishadi.

Dang‘ara ta’lim darajasi, o‘quvchilarning bilim sifati jihatidan viloyatda oldingi o‘rinlarda edi. Endi bolalar sporti sohasida ham peshqadamlar safidan joy olmoqda.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/TUnrlhRJZ7U?si=Dqqw01x-YrAgIQ1q" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov