Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ta’lim va kasb – 2023” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi
17:10 / 2023-04-13

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “MY FAIR” MCHJ va qator tashkilotlar hamkorligida bitiruvchi yoshlarni xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlarida oliy ta’lim olish imkoniyatlari bilan tanishtirish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida “Ta’lim va kasb - 2023” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazma mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi ta’limning zamonaviy usullari, ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish, yoshlarga va aholining keng qatlamlariga ularni qiziqtirayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim muassasasini tanlashda ko‘mak ko‘rsatish maqsadida o‘tkazildi. Ko‘rgazmada yoshlarga 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, jumladan, O‘zbekistondagi xorijiy universitetlarning rasmiylari bilan birgalikda Rossiya, Slovakiya, Belarus, Turkiya, AQSH, Kipr, Litva, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning xalqaro ta’lim muassasalari rasmiy vakillari o‘z oliygohlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Yevrosiyo Milliy universiteti Qozog‘istondagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. Universitetning ta’lim siyosati jahon mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan yangi bilimlar, texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga (shu jumladan, o‘z-o‘zini tarbiyalash ko‘nikmalariga) ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.  

– bugungi kunda universitetimiz texnik, iqtisodiy, tabiiy va gumanitar fanlar bo‘yicha ta’lim dasturlarini taklif qiladi, – deydi universitet jurnalistika va siyosatshunoslik fakulteti dekani, professor Saq Qayrat O‘mirbay o‘g‘li. – Universitetimizda ta’lim faqat kunduzgi ta’limdan iborat bo‘lib, hozirda reyting bo‘yicha TOP – 300 talikda 277-o‘rindan joy olgan. Bu yerda 13 ta fakultetda 65 ta yo‘nalish bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Magistratura va doktorantura yo‘nalishlarimiz ham mavjud. Ayni paytda 20 mingdan ziyod talaba tahsil olib, ularning 3 ming nafari magistr va doktorantlardir. Universitetimizning Qirg‘izistonda filiali bor. O‘zbekistonda Farg‘onada filial ochish harakatidamiz. Boshqa davlatlardan kelib ta’lim oluvchilar uchun ta’lim muassasamizning “Stipendiyalar programmasi” bor. Qiziquvchilar qatnashib, ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritishsa, stipendiya bilan ta’minlaymiz. Ularga talabalar yotoqxonasidan joy ajratiladi.

Ko‘rgazmada ishtirok etgan yoshlar oliy ta’lim muassasalari mas’ullaridan qabul va hujjatlarni topshirish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot oldi.

– Maktabimizning o‘quvchilari ham ushbu ko‘rgazmada ishtirok etdi. – deydi Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Zamira Oblayeva. – O‘quvchilarimiz o‘zlari qiziqqan davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashib, muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi. U yerdagi talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonlari, biznes ta’lim dasturlari, malaka oshirish, amaliyotdan o‘tish dasturlari, grant va stipendiyalar, xorijda bepul ta’lim olish imkoniyatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

[gallery-11442]

Albatta, yoshlarimizning xalqaro universitetlarda o‘qib, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishi muhim ahamiyatga ega. Bu kabi ko‘rgazmalarning tashkil etilishi esa ular uchun ajoyib imkoniyatdir.  

Abduvali Bo‘riyev,

Siroj Aslonov (surat), O‘zA