Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va inson kapitali – iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi drayveri
12:33 / 2026-02-02

Munosabat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etilgan Murojaatnoma mamlakat taraqqiyotining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan strategik hujjat bo‘ldi. 

Unda inson kapitali, ayniqsa, ta’lim, kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyalar iqtisodiy o‘sishning hal qiluvchi omili sifatida konseptual jihatdan asoslab berildi. Masalan, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga tayangan zamonaviy kasblarga tayyorlash orqali kelgusida iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish belgilandi. Bu yerda gap alohida statistik ko‘rsatkich yoki qisqa muddatli prognoz haqida emas, balki mehnat bozori, texnologiyalar va ta’lim tizimi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikka asoslangan uzoq muddatli strategik yondashuv haqida bormoqda.

Aynan shu yondashuv oliy ta’lim tizimi oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. Endilikda, oliy ta’lim muassasalari faqat bilim beruvchi maydon vazifasini bajarmay, iqtisodiyot o‘sishini harakatga keltiruvchi, innovatsiya va malakali kadrlar orqali taraqqiyotni ta’minlovchi asosiy institutsional ilmiy-amaliy maydon sifatida shakllanishi lozim.

Ta’kidlash joizki, global iqtisodiyotda raqobat qoidalari tubdan o‘zgarmoqda. Endilikda mamlakatlar ustunligi tabiiy resurslar yoki arzon ishchi kuchi bilan emas, yuqori malakali kadrlar, zamonaviy bilimlarga ega muhandislar, mutaxassislar va ixtiro qilinayotgan innovatsion texnologiyalar salohiyati bilan belgilanmoqda. Ana shu sharoitda ta’lim va yaratuvchan malakali kadrlar tayyorlash siyosati O‘zbekiston iqtisodiy strategiyasining markaziy bo‘g‘iniga aylanib borayotgani bejiz emas. 

Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiyot faqat bilim, amaliy ko‘nikma va innovatsion tafakkurga ega kadrlar orqali shakllanishi mumkinligi Murojaatnomada ilgari surilgan asosiy g‘oyalardan biri sifatida o‘rin olgan. Bu esa ta’lim, kasb-hunar va texnologiyalarni uzviy bog‘lagan holda, inson kapitalini milliy taraqqiyotning eng muhim strategik resursi sifatida rivojlantirishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan maktab, kasbiy ta’lim va oliy ta’lim o‘rtasida uzluksiz tizim yaratish vazifasining qo‘yilishi aynan shu mantiqiy zanjirdan kelib chiqadi. Xususan, 9-sinfdan boshlab o‘quvchilarni qobiliyati va qiziqishlariga qarab yo‘naltirish, oliygohga kirishni maqsad qilmagan yoshlarni kasb-hunarni egallash uchun texnikumlarga jalb etish orqali mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqsadli ishlar ta’lim tizimining barcha bosqichlarini iqtisodiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, kadrlar sifatini oshirishga zamin yaratadi.

Taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga tayangan holda kasbiy ta’lim va texnikumlarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar Murojaatnomaning eng amaliy yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Chunonchi, har yili kamida 100 ta texnikumni to‘liq ta’mirlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar asosida jihozlash, shuningdek, Germaniya, AQSH, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya tajribasiga asoslangan ta’lim dasturlarini joriy etish kasbiy ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchasi” loyihalari esa ishchi kasblar nufuzini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash va iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan amaliy mutaxassislar zaxirasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Murojaatnomada dual ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilgani ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashda amaliy qadam sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda o‘n minglab yoshlar ish joyida amaliy ko‘nikmalarni bevosita mehnat jarayonida egallayotgani, shu bilan birga, barqaror daromad manbaiga ega bo‘layotgani dual ta’limning hayotiyligini ko‘rsatadi. Korxonalarni bunday ta’lim jarayoniga jalb etish uchun soliq va moliyaviy imtiyozlar berilishi esa xususiy sektorning kadrlar tayyorlashdagi mas’uliyatini kuchaytirib, ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtiradi.

Ma’lumki, oliy ta’limni xalqaro darajaga olib chiqish va akademik transformatsiyani amalga oshirish mamlakat taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan. Binobarin, nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik asosida oliygohlarni boshqarishning zamonaviy modellarini joriy etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishga tushirish, aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan yangi oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish orqali ta’lim sifati xalqaro standartlarga yaqinlashib bormoqda. Jadal integratsiyalashuv – milliy oliy ta’lim tizimini global ta’lim makonining uzviy qismiga aylantirmoqda.

Davlatimiz rahbari boshchiligida ilm-fan, innovatsiya va sun’iy intellekt sohalarida ilgari surilayotgan tashabbuslar ta’limning faqat bilim berish emas, balki iqtisodiy qiymat yaratish funksiyasini ham kuchaytirmoqda. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish, IT va fintex yo‘nalishidagi startaplarga investitsiyalar jalb qilish, ilmiy g‘oyalarni bozor talabiga mos, eksportbop mahsulotlarga aylantirishga qaratilgan dasturlar ilm-fanni iqtisodiy o‘sishning bevosita drayveriga aylantirmoqda. Natijada minglab o‘rta maxsus va oliy ta’lim bitiruvchilarga yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, yuqori daromadli kasblar shakllanmoqda va innovatsion iqtisodiyot uchun mustahkam zamin hosil bo‘lmoqda.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, yoshlar salohiyati va ta’lim natijalarining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi mamlakat ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar O‘zbekistonda intellektual kapitalning izchil ravishda yuksalib borayotganini tasdiqlaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmi 23 foizga o‘sib, 33,5 milliard dollarga yetdi. Ayni natijalar global savdo qoidalari qayta shakllanayotgan, ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlarida uzilishlar kuzatilayotgan, xomashyo hamda moliyaviy resurslar narxi oshib borayotgan murakkab tashqi sharoitda qo‘lga kiritilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshib, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi mustahkam moliyaviy tayanch shakllanganini ko‘rsatmoqda. Bunday uzoqni ko‘zlagan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. 

Murojaatnomada ilgari surilgan iqtisodiy prognozlardan ko‘rish mumkinki, iqtisodiy o‘sish dinamikasi 2026 yilda yanada mustahkamlanishi kutilmoqda. Davlat rahbari bayonotida, 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish, o‘rta muddatda esa – 2030 yilga borib 240 milliard dollarlik marradan oshirish maqsadi qo‘yildi. Bunday ulkan raqamlar saldosi tasodifiy emas, balki oxirgi yillarda shakllangan institutsional islohotlar, investitsiya muhitining yaxshilanishi va eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosatning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakat iqtisodiyoti taraqqiy etib borayotgani eksport siyosatida aks etib, endilikda faqat hajmni oshirish emas, balki uning tarkibi va sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2026 yilda jami eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilda 12–13 milliard dollar atrofida bo‘lgan eksport hajmi bilan solishtirilganda, deyarli uch baravar o‘sishni anglatadi. Eng muhimi, ushbu o‘sish eksportning xomashyoga tayanadigan modelidan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat va qayta ishlashga asoslangan modelga o‘tilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushining oshib borishi mehnat bozoridagi talab xarakteriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro OECD va International Labour Organization tahlillariga ko‘ra, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda har 1 milliard dollar qo‘shimcha eksport o‘rtacha 1–1,5 mingta to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rni yaratish salohiyatiga ega, ayniqsa, sanoat va qayta ishlash tarmoqlarida. Shu nuqtai nazardan qaralganda O‘zbekistonda eksport hajmini 33,4 milliard dollardan 40 milliard dollarga oshirish, ya’ni 6-7 milliard dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash natijasida taxminan har yili kamida 40–60 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, yaratiladigan ish o‘rinlari oddiy mehnatga emas, balki muhandis-texnik xodimlar, texnologlar, logistika va eksport menejerlari, IT va avtomatlashtirish mutaxassislari kabi o‘rta va yuqori malakali kadrlarga to‘g‘ri keladi. Demak, eksport tarkibining sifat jihatdan o‘zgarishi ish o‘rinlari sonidan ham ko‘ra, inson kapitali sifatiga qo‘yiladigan talabni keskin oshirayotgan strategik omilga aylanmoqda. Bu holat ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini iqtisodiy o‘sishning yordamchi emas, balki bevosita institutsional tayanchi sifatida qayta shakllantirayotganini ochiq-oydin namoyon etadi.

Xulosa qilib aytganda, tizimli islohotlar ta’lim sohasini ijtimoiy xarajat emas, balki strategik investitsiya sifatida talqin etishga o‘tishni anglatadi.

Mazkur siyosat O‘zbekistonni bosqichma-bosqich bilimga tayangan, innovatsiyaga ochiq va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiyot modeli sari olib chiqishni ko‘zda tutadi. Shu ma’noda oliy ta’limni mehnat bozorining o‘rta va uzoq muddatli dasturlari asosida muntazam yangilab borish, dual ta’limni barcha strategik tarmoqlarda tizimli joriy etish, ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish mexanizmlarini kuchaytirish, yoshlarni erta bosqichdan innovatsiya va tadbirkorlik muhitiga jalb etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.

O‘zA