French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va ilm-fanda o‘zgarishlar davri keldi
13:18 / 2025-12-28

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida barcha sohalarga to‘xtalib, har birining rivoji uchun tanqidiy-tahliliy fikr bildirdi, yechimlarini aniq belgilab berdi.

Xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarida erishayotgan katta yutuqlar haqida to‘xtalib, “O‘quvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi”, deya alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi. 

Bu raqamlar o‘z-o‘zidan yoki bir kunda bo‘lib qolgan emas. Buning ortida ta’lim tizimi mutasaddilarining qator loyiha va tashabbuslari, ota-onalar va maktab o‘rtasidagi amaliy hamkorlik hamda o‘quvchining ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish yo‘lidagi harakatlar yotadi.

Biz yaqingacha faqatgina sportdagi medal va natijalarimiz bilan maqtanar edik. Ta’lim va ilm-fanda esa avvallari 15-20 yil davomida erishilmagan natijalarga bugun kerak bo‘lsa, bir yilda erishmoqdamiz. Dunyo bo‘ylab yuksak mukofotlarni qo‘lga kiritgan maktab o‘quvchilari va talabalarni kunora OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rmoqdamiz.

Bunday natijalardan Prezidentimiz “Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, qanday ulkan bunyodkor kuch safimizga qo‘shilayotganidan g‘ururlanib ketamiz”, deya ta’kidlashida ayni haqiqat mujassam.

Murojaatnomada bildirilgan tashabbuslar ichida “2026 yilda yurtimizda ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar talabalari o‘rtasida muhandislik yo‘nalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum o‘quvchilari o‘rtasida kasb yo‘nalishlarida xalqaro olimpiada o‘tkaziladi”, degan so‘zlar soha xodimlariga yana bir bor mas’uliyat yukladi. Ta’lim va ilm-fan sohasida bunday nufuzli tadbirlarning Vatanimizda o‘tkazilishi  amalda rivojlanayotgan davlatga aylanayotganimizdan dalolat.

Prezidentning “Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim” degan so‘zlari ortida ham bevosita ta’lim va ilm-fan rivojiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning ortayotganini, kelajakdagi e’tibor bundanda yuqori bo‘lishini tushunishimiz mumkin.

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, sohalarda bo‘layotgan kattagina o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi keskin kurashlar, ta’lim tizimi va ilm-fan sohasidagi uzoqni ko‘zlangan tashabbuslar bugun xalqimizning ishonchiga- ishonch qo‘shmoqda. Darhaqiqat, aynan ta’lim va ilm-fan rivojigina har qanday insonni qoloqlik va qaramlikdan asraydi. Buyuk maqsad va natijalarga erishishimiz, farovon hayot, iqtisodiy rivojlanishimizga zamin yaratadi. Bu esa ijtimoiy faollik va jamiyat rivojida muhimdir.

Zavqibek MAHMUDOV,

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik

mahorat milliy instituti dotsenti.

O‘zA