Uzluksiz yo‘lga qo‘yilayotgan xalqaro hamkorliklar barcha sohalar qatorida oliy ta’lim tizimi rivojida ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan qo‘shni va qardosh davlatlar bilan do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishi yoshlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Tarixi, an’ana va qadriyatlari yaqin bo‘lgan millat farzandlari kelgusida ahil va qudratli kuchga aylanishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi ana shunday qardosh mamlakatlardan biri - Ozarbayjonning Boku shahriga tashrif buyurib, ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi.

Delegatsiyamiz vakillari Ozarbayjon Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Hasan Hasanli bilan uchrashuv o‘tkazib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy grant dasturlarini davom ettirish, 2026 yilda Bokuda rektorlar forumini tashkil etish hamda “Kelajak muhandislari” xalqaro festivalida ozarbayjonlik yoshlarning ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Shundan so‘ng vakillarimiz Boku Oliy neft maktabiga tashrif buyurib, ta’lim jarayoni bilan tanishdi va Toshkent kimyo texnologiya instituti va Buxoro davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bundan tashqari yana bir qator tadbirlarda ishtirok etilib, hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Sherbek Islomov,
O‘zA