French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va ilm-fan rivoji – taraqqiyot garovi (+video)
17:32 / 2023-08-21

Bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan ushbu tizimda allaqachon faoliyatga yangicha yondashuv, o‘zgarishlar va islohotlar jarayoni kechmoqda. Boisi, Vatanimizning ertangi taqdiri, istiqboli yoshlarning bilimi, ta’lim-tarbiyasi va egallayotgan kasb-hunariga bog‘liq.

Respublikamizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi ta’lim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyotiga alohida e’tibor namunasi bo‘ldi.

Ma’lumki, 2022-2023 o‘quv yili qabulidan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida qabul qilinib, 2-bosqichdan boshlab ta’limni davom ettirish huquqi berilgan.

Kuni kecha Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 2023-2024–o‘quv yili uchun texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarning ilk suhbat jarayonlari bo‘lib o‘tdi.  

– Kelajakda xalqimiz salomatligi yo‘lida foydam tegadigan yetuk tibbiyot mutaxassisi bo‘lmoqchiman, -deydi abituriyentlardan biri Shohrux Yunusov. – Yaqinda Marg‘ilondagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumini bitirib, oliygohga kirish uchun hujjatlarimni Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga topshirgan edim va kecha institutdagi suhbat jarayonlarida ishtirok etdim. O‘ylaymanki, maktab va texnikumda olgan bilimlarim o‘z natijasini berib, bu yil albatta talaba bo‘laman.

E’tiborli jihati, suhbat jarayonlari 18 avgustdan boshlangan bo‘lib, unda yuqori ko‘rsatgichni qo‘lga kiritgan abituriyentlar institutning “Farmatsiya”, “Xalq tabobati”, “Oliy hamshiralik ishi” yo‘nalishlarida bakalavriatning 2-bosqichidan boshlab ta’limni davom ettiradilar.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BSBYpKhctf0" title="Ta’lim va ilm-fan rivoji — taraqqiyot garovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir Alimov, O‘zA