Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va amaliyot uyg‘unligi yo‘lida qilinajak ishlar bisyor
15:00 / 2023-03-03

Davlatimiz rahbarining 2017 yildan buyon Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaati yaxshi an’anaga aylandi. Har yilgi Murojaat o‘ziga xosligi, har bir o‘zbekistonlik hayotiga bevosita ta’siri, daxldorligi bilan qimmatli. Murojaatlarda mamlakatimiz hayoti bilan bog‘liq dolzarb masalalar, mamlakatning ichki va tashqi siyosati yo‘nalishi, ijtimoiy-gumanitar sohalarda qilinajak ishlar ko‘lami, aniq maqsad, reja, qilinajak ishlar muddati belgilab beriladi.

Bu yilgi Murojaatnoma ham 2023 yil uchun yangi taraqqiyot dasturi bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezidentimiz tomonidan joriy – 2023 yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nomlanishi ham yuqoridagi so‘zimizga dalildir.  

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi ham bu yilgi Murojaatnoma mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganib, tahlil qilib, o‘zi uchun «yo‘l xarita»sini belgilab oldi.  

Xabaringiz bor, davlat rahbari bu gal ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratdi. Albatta, yoshlar – ertangi kunimiz, kelajagimiz bunyodkorlari. Bugun ularning hayotga munosabati, bilimi, ilmiy salohiyati, malakasi qay darajada, degan savol dolzarb bo‘lib turibdi.  

Tan olib aytish lozim, bugun oliy ta’lim dargohlarida bilim olayotgan talaba yoshlarga o‘qish-o‘rganish uchun talay imkoniyatlar yaratilgan. Burungi temir qoliplar sindirilib, nazariyadan amaliyot sari katta odimlar tashlanmoqda. Bu, albatta, talabaga bilim olish bilan bir qatorda tajriba va ko‘nikma hosil qilib borishiga ham zamin yaratadi.  

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ana shu maqsad yo‘lida respublikadagi 24 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Natijada ta’lim jarayonining o‘zidayoq yoshlarning amaliyotga — hayotga yaqinlashayotgani, bu esa ishimizda mazmun-ma’no kasb etib borayotgani kishini quvontiradi.  

Birgina 2022 yilda institut va uning viloyatlardagi 16 ta filiali laboratoriyalarida hamkor oliy ta’lim maskanlaridan jami 1000 nafardan ortiq talaba amaliy – ko‘rgazmali darslarda ishtirok etib,zarur malaka – ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Bunday darslar institutning milliy va xalqaro miqyosda malaka oshirib, aniq o‘lchashlar bo‘yicha yuqori aniqlikdagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalarda faoliyat yuritayotgan, yuqori malakali mutaxassis – metrologlar tomonidan olib borilmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, o‘tgan yilda institutning 41 nafar xodimi yetakchi xorijiy institutlar laboratoriyalarida, 126 nafari esa o‘lchash yo‘nalishlari bo‘yicha milliy miqyosda, bundan tashqari, yana 50 nafar xodim davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirdi. Bu jarayonlar o‘z navbatida malaka oshirish uchun kelayotgan talabalarga sifatli amaliy ko‘nikmalar berish imkonini ham bermoqda.  

Prezidentimiz ma’rifatparvar jadid bobolarimiz tilidan: "Najot — ta’limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi", dedi. Bu da’vat, chorlov O‘zbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi oldiga ham katta vazifalarni qo‘ygan.  

Ma’rufjon Jalilov,  

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti  

direktori o‘rinbosari