French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va amaliyot uyg‘un olib borilmoqda
14:52 / 2024-09-09

Andijon shahridagi “UZ-KORAM CO” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida professional ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari hamkorligiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor, salohiyat va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. Bu borada Andijon viloyatidagi kasb-hunar maktablari, professional ta’lim muassasalari tomonidan ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.  

Jumladan, 2023-2024 o‘quv yilida viloyatdagi 66 ta professional ta’lim muassasasini tamomlagan 16 ming 770 nafar bitiruvchining 11 ming 34 nafari “Ta’lim va mehnat bir maskanda” loyihasi doirasida viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalariga biriktirilib, ular ta’limni ish joylari kafolatlangan holda tamomladi.  

[gallery-19160]

Andijon shahridagi 4-son kasb-hunar maktabida ayni kunda turli yo‘nalishlar bo‘yicha 1 ming 125 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda viloyatdagi 20 dan ortiq korxona va tashkilot bilan o‘quvchilarning amaliyot o‘tashi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “UZ-KORAM CO” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan, korxonada o‘quvchilarning nazariy va amaliy ta’lim olishi uchun o‘quv xonasi hamda boshqa zarur shart-sharoitlar yaratilgan.  

“Ta’lim + amaliyot bir maskanda” shiori ostida o‘tkazilgan o‘quv seminarida Viloyat hokimligi mutasaddilari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi, kasb-hunar maktab direktorlari, kasb-hunar maktabining “Avtomobillar shassisiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash” yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar ishtirok etdi. Unda professional ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalarining hamkorlik istiqbollari, yutuq va kamchiliklari atroflicha tahlil etildi.  

Ishtirokchilar “UZ-KORAM CO” qo‘shma korxonasida hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari