Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimiga e’tibor o‘z samarasini beradi
10:13 / 2022-10-04

Farg‘ona viloyatida mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan maktab ta’limini rivojlantirish uchun joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 100,95 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan maktab ta’limini rivojlantirish uchun qilingan xarajatlar bo‘yicha hisobot e’lon qilindi. 

Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib e’lon qilingan ushbu hisobot viloyatlar mahalliy byudjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan qilingan xarajatlarni qo‘shmasdan, faqatgina tuman va shaharlar miqyosidagi xarajatlarni viloyatdagi umumiy o‘quvchi soniga bo‘lish orqali hisoblangan. Keltirilgan ma’lumotda 2021 yil yakuni bo‘yicha xarajatlar miqdori ko‘rsatilgan.

O‘quvchi soni jihatidan Respublikada eng old o‘rinlardan birida turadigan Farg‘ona viloyatida tuman va shaharlar miqyosida maktab ta’limini rivojlantirish uchun qilingan xarajatlar viloyatdagi jami o‘quvchilar soniga bo‘linganda bir o‘quvchiga 5,6 ming so‘mni tashkil etgan. Lekin bu o‘rinda tuman va shaharlar miqyosidagi xarajatlarni e’lon qilishda viloyatlar miqyosida qilingan xarajatlarni keltirib o‘tilmagani biroz taajjubga soladi. Viloyat hokimligi axborot xizmati bunga o‘z munosabatini bildirdi.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida mamlakatimizda umumta’lim maktablari tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Farg‘ona viloyatida ham bu sohaga alohida e’tibor qaratilgan. Viloyat mahalliy byudjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan maktab ta’limini rivojlantirish uchun o‘tgan 2021 yilda 86,16 milliard so‘m, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 100,95 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. O‘quvchi soniga bo‘ladigan bo‘lsak, viloyat mahalliy byudjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan bir o‘quvchiga o‘rtacha 2021 yilda 128,2 ming so‘m (jami 671 ming 909 nafar), joriy yilning to‘qqiz oyida 151,1 ming so‘m (jami 675 ming 76 nafar) sarflangan. Tuman va shaharlar miqyosidagi xarajatlarni qo‘shganda bu raqam yanada ortadi.

Farg‘ona viloyatida xalq ta’limi sohasini qo‘llab-quvvatlash, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun viloyat hokimligi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar kelgusida yanada kengroq ko‘lamda davom ettiriladi.

 

M.Sulaymonov, 
O‘zA