Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli sarflanishi lozim
20:30 / 2022-05-30

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yildagi hamda 2022 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.

Hisobotda keltirilganidek, global miqyosda davom etayotgan pandemiya hamda iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolgan murakkab sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘z vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va monetar siyosat tufayli 2021 yil yakunlari bo‘yicha respublika iqtisodiyoti 2020 yilga nisbatan 7,4 foizga o‘sish kuzatilib, YAIM hajmi 734,6 trln. so‘mni tashkil etdi. O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etmoqda. Bunda sanoat, xizmatlar va qurilish sohasi iqtisodiy o‘sishning drayverlari bo‘lib xizmat qildi. Xususan, sanoat 9,2 foizga, xizmatlar 8,7 foizga, qurilish 6,8 foizga hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 4,0 foizga o‘sgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ham deputatlar tomonidan obdon muhokama qilindi.

Deputatlar hisobot davrida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga davlat byudjeti ijrosiga oid ayrim kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratib, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida hal etish zarurligini qayd etdilar. Shu bilan birga, ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘larni o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishini ta’minlash, bu orqali sohadagi islohotlarni izchil olib borishni yanada jadallashtirishni ilgari surishdi.

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilishda «Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining mustaqil a’zolariga qo‘yiladigan talablar takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinib, fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Yakunda fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

M. Komilova, O‘zA