Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Guliston shahridagi "Nihol" nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, bu yerda tarbiyalanayotgan jajji bolajonlar va ularning tarbiyachilari, "Barkamol avlod" bolalar maktabida faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garaklarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar va ularning ustozlari bilan uchrashdi. Vazir uchrashuv davomida jajji bolajonlar va o‘quvchi- yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ularning fikrlarini tingladi.
Shundan so‘ng Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri raisligida Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, tuman, shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari, Prezident maktabi, ixtisoslashgan maktab hamda umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida oflayn va onlayn tarzda yig‘ilish o‘tkazilib, unda maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, fan olimpiadasi ishtirokchilarini rag‘batlantirishga qaratilgan Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, o‘quvchilarning fan olimpiadalaridagi ishtiroki, pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyatini oshirish, xorijiy tillarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, bolalar sportini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimini takomillashtirish, ta’lim ko‘rsatkichlarini oshirish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, muhokama etilgan sohalar bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va ular asosida ishni tashkil etish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri